Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tog‘li hududlarda sel xavfi e’lon qilindi
14–17 aprel kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sababli O‘zbekistonning qator tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Mutaxassislar aholi, dam oluvchilar va haydovchilarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.
Foto: Kun.uz
O‘zgidromet tomonidan taqdim etilgan tezkor gidrometeorologik axborotga ko‘ra, joriy yilning 14–17 aprel kunlari respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelish xavfi borligi haqida ogohlantirish e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, xavf asosan Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li tumanlarida saqlanib turibdi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kelishi ehtimoli bor.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlarida, Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlarida ham xavfli vaziyat kuzatilishi mumkin.
Jizzax viloyatida Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlari, Toshkent viloyatida esa Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlari xavf yuqori bo‘lgan hududlar qatoridan o‘rin olgan.
Bundan tashqari, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida, Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlarida, Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahrida ham sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi bildirildi.
Mutaxassislar kuchli yog‘ingarchilik oqibatida nafaqat tog‘li hududlarda sel kelishi, balki respublikaning ayrim joylarida yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham borligini ta’kidlamoqda.
Shu munosabat bilan tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam olish uchun ushbu maskanlarga borganlar, shuningdek, tog‘ yo‘llarida harakatlanayotgan haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish so‘raldi. Zarur holatlarda xavfsiz yo‘nalishlarni tanlash, ob-havo haqidagi rasmiy axborotlarni kuzatib borish va favqulodda holatlar yuzaga kelganda tegishli xizmatlar ko‘rsatmalariga amal qilish tavsiya etilmoqda.