Jahon | 09:48
1598
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina: Rossiya 12 aprel kuni 55 marta hujum qildi

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 12 aprel kuni Rossiya Ukrainaga 55 marta hujum qilganini bildirdi. Pasxa munosabati bilan e’lon qilingan o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish tartibi buzilgani haqida Rossiya tomoni ham xabar berdi. Vaqtinchalik o‘t ochmaslik muddati 13 aprelga o‘tar kechasi yakunlandi.

Foto: Francisco Richart Barbeira/NurPhoto/IMAGO

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Telegram-kanalida xabar berishicha, Rossiya armiyasi 12 aprel, yakshanba kuni Pasxa munosabati bilan e’lon qilingan sulhni buzgan holda Ukrainaga 55 ta hujum amalga oshirgan. Harbiy idora ma’lumotiga ko‘ra, Sumi viloyatidagi chegaraga yaqin uchta aholi punkti hujumga uchragan.

Ta’kidlanishicha, Rossiya armiyasi Shimoliy-Slobojansk va Kursk yo‘nalishlarida aholi punktlari hamda Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalariga to‘qqiz marta o‘q uzgan. Shuningdek, Janubiy-Slobojansk, Kupyansk, Konstantinovsk va Pokrovsk yo‘nalishlarida hujumlar front haqidagi ushbu ma’lumot e’lon qilingan paytda ham davom etayotgan bo‘lgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, jami hujumlar 11 ta yo‘nalish bo‘yicha sodir etilgan. Frontning boshqa uchastkalarida esa “vaziyatda hozircha jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmayapti”. Idoraning qayd etishicha, “dushmanning oldinga siljishga urinishlari qayd etilmayapti”.

Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ham 12 aprel ertalab sulh vaqtida Xarkiv viloyatining Zolochev posyolkasidagi oziq-ovqat do‘koniga dron hujumi qayd etilganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, dron portlashi natijasida bino ichida yong‘in chiqqan, bir erkak va bir ayol jabrlangan.

Bundan tashqari, Sumi viloyati harbiy ma’muriyati bayonotlariga ko‘ra, tunda Rossiya droni hududdagi tez yordam mashinasiga hujum qilgan. Zarba oqibatida uch nafar tibbiyot xodimi jarohat olgan. Ertalab Ukraina Havo kuchlari ham Sumi tomon dron yo‘l olayotgani haqida ogohlantirgan.

11 aprel kuni Moskva va Kiyev vaqti bilan soat 16:00 dan amal qila boshlagan sulh tartibi buzilgani uchun har ikki tomon bir-birini uning kuchga kirgan dastlabki soatlaridayoq ayblay boshlagan edi. 12 aprel kuni ham xuddi shu holat takrorlandi: Rossiya ham Ukraina tomonidan qoidabuzarliklar bo‘lganini ma’lum qildi.

Jumladan, 12 aprel kechqurun Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina droni avtomobilga hujum qilgani oqibatida haydovchi jarohatlanganini bildirgan.

“Erkak Rakityansk markaziy tuman shifoxonasiga mustaqil murojaat qildi. Unda mina-portlash jarohati va ko‘krak qafasining jarohati aniqlandi. Tibbiy yordam ko‘rsatildi, ambulator davolanishga chiqarildi,” — deb yozgan Gladkov o‘zining Telegram-kanalida.

Shuningdek, Rossiya tomonidan tayinlangan, Xerson viloyatidagi “rahbar” Vladimir Saldo ham tunda ma’muriy bino va xususiy uy o‘qqa tutilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, jabrlanganlar yo‘q.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan Pasxa sulhini 9 aprel kuni e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, 12 aprel oxirigacha jang harakatlari to‘liq to‘xtatilishi kerak bo‘lgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa o‘z mamlakati “xuddi shunday javob choralari”ga tayyorligini bildirib, Kiyev bundan avval ham Pasxa bayrami davri uchun o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilganini eslatdi.

“Ukraina bir necha bor shunday qadamlarga tayyor ekanimizni bildirgan. Biz joriy yilda Pasxa kunlarida o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan edik va shunga muvofiq harakat qilamiz”, — deb tushuntirdi Ukraina davlati rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid