Jahon | 09:43 / 15.04.2026
3315
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada prezidentga xorijda armiya qo‘llash bo‘yicha yangi vakolat beriladi

Birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi armiyani xorij sudlari qarori bilan hibsga olingan yoki ushlab turilgan rossiyaliklarni “himoya qilish” uchun jalb etishga ruxsat beradi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Davlat dumasi prezident qaroriga ko‘ra, sud ta’qibiga uchrayotgan rossiyaliklarni himoya qilish uchun xorijda qurolli kuchlardan foydalanish imkonini beruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi saytida 14 aprel, seshanba kuni xabar berildi.

Qonun loyihasi uchun 413 nafar deputat ovoz berdi, qarshi chiqqanlar ham, betaraf qolganlar ham bo‘lmadi. Qonunga kiritilayotgan tuzatishlar Rossiya prezidentiga qurolli kuchlardan “eksterritorial foydalanish” huquqini berishni taklif qiladi. Bu huquq Rossiya ishtirok etmaydigan xorijiy sudlar yoki xalqaro sud organlarining qarorlari asosida hibsga olingan, ushlab turilgan yoki jinoiy yoki boshqa ta’qibga uchragan Rossiya fuqarolarini “himoya qilish” uchun qo‘llanishi mumkin.

Qonun loyihasi Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u faqat Rossiya ishtirok etmaydigan hamda vakolati Rossiya bilan xalqaro shartnoma yoki BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga asoslanmagan sudlar faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, tushuntirish xatida tashabbus mualliflari “Xavfsizlik to‘g‘risida”gi federal qonunda prezidentning Rossiya fuqarolarini himoya qilishga oid shunga o‘xshash majburiyati allaqachon nazarda tutilganini tan oladi. Hujjatda qayd etilishicha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar “ushbu me’yorni rivojlantirish maqsadida” kiritilmoqda.

Mualliflar aynan qanday vaziyatlar bunday choralarga olib kelishi mumkinligini aniqlashtirmagan.

RBK agentligi so‘rovida qatnashgan huquqshunoslar fikricha, gap ayrim davlatlar yoki xalqaro birlashmalar tashabbusi bilan jinoiy ta’qib uchun tuziladigan tribunallar haqida ketishi mumkin.

“Kommersant” nashri so‘rovida ishtirok etgan ekspertlar esa bu tashabbus “soya floti” kemalarini qo‘riqlashni qonunchilik jihatdan rasmiylashtirish bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid