Jahon | 19:52 / 15.04.2026
5015
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Lev XIV bahsi. Voqealar zanjiri

Bu tarix sun’iy intellekt yasagan surat bilan boshlanadi va shunday surat bilan yakunlanadi. Birinchisida Tramp Rim papasi sifatida tasvirlangandi, ikkinchisida esa u o‘zini Iso Masihga o‘xshatdi.

Evandro Inetti / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

2025 yil 3 may

AQSh prezidenti Donald Tramp vafot etgan Rim papasi Fransiskka tutilayotgan motam fonida ijtimoiy tarmoqda o‘zi katolik cherkov rahbari libosida tasvirlangan va sun’iy intellekt orqali ishlangan suratni joylashtirdi. Undan biroz oldinroq Tramp o‘zini Rim papaligiga saylash kerakligini aytib, hazillashgandi.

2025 yil 8 may

Amalda esa amerikalik Robert Prevo yangi pontifik etib saylandi va Lev XIV nomini oldi. U Rim papalari orasida ilk amerikalikka aylandi. Tramp buni butun mamlakat uchun ulkan sharaf deb atadi. Shu kuni ma’lum bo‘ldiki, bo‘lajak papa biroz oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Tramp va uning migratsiya siyosatini tanqid qilgandi.

2026 yil 9 yanvar

Lev XIV «Dunyodagi holat haqida»gi an’anaviy nutqida «kuchga asoslangan diplomatiya»ni qoraladi, Venesuela suverenitetini hurmat qilishga chaqirdi va qochqinlarning yonini olib gapirdi. Uning bu chiqishi yaqinda Venesuela prezidentini ag‘dargan va Minneapolisdagi migrantlarga qarshi reydlar o‘tkazishga (bu keyinroq ikki kishi o‘limiga olib keldi) sanksiya bergan Trampning manziliga qaratilgan tanqid sifatida qabul qilindi.

2026 yil 18 yanvar

AQSh qurolli kuchlari arxiyepiskopi Timoti Brolio Trampning Grenlandiyani Daniyadan kuch bilan tortib olish haqidagi tahdidlari fonida BBC’ga intervyu berdi. Brolio bu tahdidlarni qoralagan va katolik askar uchun «axloqiy jihatdan shubhali» bo‘lgan buyruqlarni bajarishdan bosh tortish «to‘g‘ri qaror bo‘ladi» degan fikrni bildirdi.

2026 yil 22 yanvar

AQSh mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbrij Kolbi Rim papasining AQShdagi elchisi (nunsiy), kardinal Kristof Piyerni Pentagonga chaqirtirdi. Uchrashuv chog‘ida Kolbi va uning hamkasblari go‘yoki Piyerdan Vatikan Trampning siyosatini tanqid qilishni bas qilishini talab qilishgan hamda 
Avinion asirligi takrorlanishi (XIV asrda qariyb 70 yil mobaynida papalarning qarorgohi Rimda bo‘lmasdan, Fransiyaning Avinion shahriga ko‘chirilgan. Bu davr Aviniondagi asirlik sifatida tarixda qolgan, chunki katolik cherkovi rahbarlari fransuz monarxlari nazoratida bo‘lgan) mumkinligiga ishora qilishgan.

2026 yil 5 aprel

Lev XIV «Shahar va dunyoga» nomli Pasxa murojaatnomasida dindorlarni «Xudodan urushlar, nafrat va befarqlik bilan azoblanayotgan dunyoga tinchlik berishini so‘rab iltijo qilish»ga chaqirdi. Bu esa AQSh va Isroilning Eron bilan urushi pontifik tomonidan yana bir bor tanqid qilinishi sifatida baholandi.

2026 yil 6 aprel

Tramp Xudo AQShning Eronga qarshi urushdagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi. AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset esa Eronda amerikalik uchuvchini qutqarish operatsiyasini Iso Masihning xochga mixlanishi, o‘limi va tirilishi bilan taqqosladi.

2026 yil 7 aprel

Lev XIV AQShdagi katoliklarni kongressmenlar bilan bog‘lanishga hamda Eronga qarshi urush to‘xtatilishiga erishishga chorladi. Tramp esa, aksincha, shu vaqtda ritorik eskalatsiyani kuchaytirib, Eron tamaddunini yer yuzidan yo‘qotib yuborish bilan tahdid qildi. Papa buni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» holat deb atadi.

2026 yil 11 aprel

Avliyo Pyotr soborida tinchlik uchun ibodat paytida pontifik «qudrat haqida yanglishish» va «o‘lim haqidagi suhbatlarga Xudoning muqaddas nomini qo‘shish»ni qoraladi. «O‘zingga va pulga sig‘inish yetar. Hokimiyatni ko‘z-ko‘z qilish yetar. Urushlar yetar. Haqiqiy kuch hayotga xizmat qilishda namoyon bo‘ladi», – dedi Lev XIV. Bu Rim papasining Trampga nisbatan eng keskin so‘zlari sifatida baholandi.

2026 yil 13 aprel

Tramp Rim papasiga tanqid yog‘dirdi va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o‘zi Iso Masih qiyofasida tasvirlangan va sun’iy intellekt orqali yasalgan navbatdagi suratni joylashtirdi. «Menga Eron yadro quroliga ega bo‘lishini normal deb hisoblovchi papa kerak emas. Menga Amerikaning Venesuelaga hujum qilishini qoralovchi papa kerak emas», – deya yozgan Tramp. Prezident Lev XIV papa bo‘lishi Vatikandagilar Tramp bilan yaxshi munosabat o‘rnatishni istagani tufayligina amalga oshganini aytib, pontifikni «radikal so‘llarga xushomad qilish»ni to‘xtatib, siyosatga aralashmaslikka chaqirgan.

Yarim kun o‘tib

Rim papasi tinchlik haqidagi va’zlari bilan hech kimga hujum qilishga urinmagani, lekin bunday chiqishlarini to‘xtatmoqchi emasligini va Trampdan qo‘rqmasligini aytdi. «Biz [Rim-katolik cherkovida] tashqi siyosatga u [Donald Tramp] tushunishi mumkin bo‘lgan nuqtayi nazardan yondashmaymiz», – dedi pontifik.

Yana yarim kun o‘tib

Jurnalistlar Tramp Iso Masih qiyofasida tasvirlangan suratini o‘chirib yuborganini payqashdi. U AQShdagi dindor konservatorlarning tanqidlaridan keyin shu qarorga kelgan. Uning papa bilan bahslarini Yevropadagi kam sonli ittifoqchilaridan biri, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham qoralab chiqdi – u muqaddam Trampni biror marta tanqid qilmagandi. Trampning o‘zi esa suratni noto‘g‘ri talqin qilishgani, unda o‘zi Iso sifatida emas, balki odamlarni tuzatuvchi shifokor sifatida ko‘rsatilganini aytdi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid