Jahon | 23:32 / 16.04.2026
1871
10 daqiqa o‘qiladi

Bolalarni o‘ldirgan bolalar. Turkiya maktablaridagi qonli otishmalar tafsiloti

14 aprel kuni Turkiya janubidagi litseyda yuz bergan otishmada kamida 16 kishi jarohatlandi. Ertasi kuni Qahramonmarashdagi boshqa maktabda 8 sinf o‘quvchisi kamida 9 kishini otib o‘ldirdi.

Qahramonmarashdagi otishma bo‘lgan o‘rta maktab / Foto: Getty Images

Turkiya politsiyasi shu haftada sodir bo‘lgan ikki maktabdagi mudhish otishma haqida internetda munozarali kontent joylashtirgan 100 dan ortiq shaxslarni hibsga oldi. Politsiyaning ma’lum qilishicha, ular «jamoat tartibiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi faoliyat bilan shug‘ullanganish va postlar joylashda» ayblangan.

Xususan, hujumlardan keyin internetdagi xatti-harakatlar bo‘yicha hukumat xavotirlari ortidan 95 nafar shaxs hibsga olingan.

Turkiya Adliya vaziri Akin Gurlekning ma’lum qilishicha, ular efirga uzatish taqiqlanganiga qaramay, hujumga oid kadrlarni tarqatish, vahima uyg‘otishi mumkin bo‘lgan kontentni ulashishda ayblanmoqda. Shuningdek, ularga huquqbuzarlikka undash, noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish ayblovlari ham qo‘yilgan.

BBC nashrining yozishicha, yana 67 kishi boshqa maktablarda ham hujumlar amalga oshirilishiga ishora qiluvchi postlarni ulashgani uchun hibsga olingan. Vazirga ko‘ra, ushbu qotilliklar ortidan ijtimoiy tarmoqlardagi 1100dan ortiq profil va hisoblarga cheklov qo‘yilgan.

Qahramonmarashdagi hujum oldindan rejalashtirgan

Turkiyani larzaga solgan qotillik 15 aprel kuni Qahramonmarash hududidagi Ayser Chalik o‘rta maktabida sodir bo‘ldi. 14 yoshli o‘quvchi kamida to‘qqiz kishini, jumladan, sakkiz nafar maktabdoshini va bir o‘qituvchini otib o‘ldirdi. Shuningdek 13 kishi yaralangan, ularning olti nafari og‘ir ahvolda.

Foto: Reuters

Qahramonmarash gubernatori Mukerrem Unluerning aytishicha, otishmani sodir etgan shaxs to‘polon vaqtida o‘zini otib o‘ldirgan.

«Sakkizinchi sinf o‘quvchisi sumkasida 5 ta qurol va 7 ta o‘qdon (magazin) bilan kelgan. Bizningcha, ular uning sobiq politsiyachi bo‘lgan otasiga tegishli. U beshinchi sinf o‘quvchilari bo‘lgan ikkita sinfga kirib, hech kimni ajratmasdan o‘lim va jarohatlarga sabab bo‘lgan», deya gubernatorning so‘zlarini keltirdi Reuters nashri.

Tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda maktab hududida o‘q ovozlari eshitilayotgani, shu vaqtda bir necha o‘quvchilar derazadan sakrab qochayotgani ko‘rinadi. Maktabdagi videokuzatuv kameralarida esa hujumchi yo‘lakdagi ikki o‘quvchini otib tashlagani aks etgan. Qurolli hujumchi kirgan beshinchi sinf o‘quvchilari 10-11 yoshda bo‘lgan.

Keyinroq, mahalliy prokuratura gumonlanuvchi hujumni oldindan rejalashtirganini ma’lum qildi. «Raqamli materiallarni tekshirish davomida gumonlanuvchining kompyuteridan 2026 yil 11 aprel sanasi bilan qayd etilgan, u yaqin kelajakda yirik operatsiya o‘tkazish niyatida ekanligini ko‘rsatuvchi hujum topildi», deyiladi bayonotda.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi o‘zining WhatsApp profilidagi suratida amerikalik ommaviy qotil Elliot Rodjyerga ishora qilgan. Rodjyer 2014 yilda Kaliforniyada o‘z joniga qasd qilishdan oldin olti kishini o‘ldirgan edi.

Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi ushbu fojiani «o‘quvchilarimizdan biri amalga oshirilgan xususiy hujum holati bo‘lib, u terrorchilik hodisasi emas», dedi.

Hujumchining ota-onasi ko‘rsatma berdi

Xavfsizlik bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, payshanba kuni hujumchining otasi va onasi ham hibsga olingan. O‘g‘li tomonidan foydalanilgan to‘pponcha va o‘q-dorilar o‘ziga tegishli ekanini aytgan ota, uning yetti dona ruxsat etilgan o‘qotar quroli va ikkita ov miltig‘i bo‘lganini ma’lum qildi. BBC Turk xizmati dastlabki tergov tafsilotlarini keltirdi.

Otaning ta’kidlashicha, u ushbu qurol va o‘q-dorilarni alohida qulflangan qutilarda saqlagan. Biroq hujum kuni o‘g‘li ulardan beshtasini olib ketgan. U o‘g‘li ularni qanday ochganini yoki ulardan foydalanishni qanday o‘rganganini bilmasligini aytdi.

Turk OAVlarida Qahramonmarashdagi 14 yoshli hujumchi ekani aytilayotgan yigitning rasmi tarqalmoqda

Tergov doirasida ko‘rsatma bergan ota o‘g‘lining internetni juda yaxshi tushunishi, «o‘zining shaxsiy VPN'idan» foydalanishi va juda aqlli ekanini ta’kidlagan. «O‘g‘limda o‘smirlarga xos odatiy stress va imtihonlar bilan bog‘liq muammolar bor edi», dedi u.

Hujumchi onasining aytishicha, boshqa psixologlar o‘g‘lida «jamiyatga moslashishda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi va nazorat talab etilishini» aytgan.

Otaning aytishicha, uning o‘g‘li so‘nggi paytlarda psixologga borishni xohlamay qo‘ygan. Biroq bir oy oldin unda qurolga nisbatan qiziqish ortgan. Shundan keyin u o‘g‘lini politsiya o‘q otish poligoniga borib, o‘z qurolidan otishga ruxsat bergan.

Shuningdek, uning onasi o‘g‘li interaktiv o‘yinlar o‘ynashini, ularga hech narsani ko‘rsatishni xohlamasligini, ingliz tilida gaplashishini va u nima deyilayotganini tushunmaganini aytgan.

Siverekdagi hujum

16 kishi jarohatlangan boshqa bir hujum – 14 aprel kuni Siverek tumanidagi Ahmet Ko‘yunchu nomli kasb-hunar va texnika litseyida yuz bergan. Viloyat gubernatori Hasan Shildakning so‘zlariga ko‘ra, o‘smir yoshidagi hujumchi ov miltig‘idan «hech kimni ajratmasdan o‘t ochgan». Politsiya tomonidan qurshovga olinganidan» so‘ng hujumchi ushbu qurol bilan o‘zini o‘ldirgan.

Siverekdagi hujum kuzatuv kameralariga tushib qolgan

Rasmiylarga ko‘ra, bu maktabda jarohatlanganlar orasida 10 nafar o‘quvchi, to‘rt nafar o‘qituvchi, oshxona xodimi va bir nafar politsiya xodimi bor.

Ushbu hujum sabablari ham hozircha ma’lum emas, tergov harakatlari boshlangan. Hujumchining sudlanganlik holati bo‘lmagan va politsiya maktabni xavfsiz deb hisoblagan.

BBCning mahalliy OAVlarga tayanib yozishicha, hujumchi yaqinda maktabning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «bir necha kundan keyin» hujum bo‘lishi bilan tahdid qilingan postlar qoldirgan.

Video: https://x.com/i/status/2044035155900109058

Guvohlardan biri shunday dedi: «U taxminan 17-18 yoshlardagi bola edi. To‘satdan maktabning old darvozasidan kirib keldi. Kirishi bilan qurolini chiqardi va darhol o‘t ocha boshladi. Keyin maktab binosiga yugurib kirdi va qarshisidan chiqqan har bir kishini ota boshladi».

Jarohatlangan o‘quvchilardan biri O‘mer Furkanning aytishicha, qurollangan shaxs kamida ikkita sinfga, jumladan uning sinfiga ham kirgan.

«Avval o‘zimizni yerga tashladik, ikki kishi derazadan sakrab qochdi. U bizga hech narsa demadi, shunchaki ichkariga kirdi-yu, o‘t ocha boshladi», dedi u.

Foto: Reuters

Shanliurfa gubernatorligi ma’muriyati bayonotiga ko‘ra, hodisani tergov qilish uchun Ichki ishlar vazirligi va Milliy ta’lim vazirligidan inspektorlar yuborilgan.

«Tergovning tegishli tarzda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida» tuman politsiyasi boshlig‘i va tuman milliy ta’lim boshqarmasining ikki nafar xodimi o‘z lavozimidan chetlatilgan.

Qurbonlar va qurol bilan bog‘liq holat

Payshanba kuni bo‘lib yosh qurbonlarning dafn marosimlarida minglab odamlar to‘plandi. BBCning yozishicha, qurbonlardan biri — 10 yoshli Zaynep bo‘lgan. «Endi u farishta, u uchib ketdi», deydi qizchaning yaqinlari nashrga bergan izohida. Ular hujumdan so‘ng maktablarda himoya choralarini kuchaytirishni xohlashmoqda.

Yana bir qurbon ham 10 yoshli qizaloq – Shura. Uning xolasi jiyani halok bo‘lganini yangiliklarda uning ismi o‘qilganda bilganini aytdi.

Foto: BBC

Turkiyada qurol to‘g‘risidagi qonunlar qattiq bo‘lib, faqat 21 yoshdan oshgan va litsenziyaga ega shaxslarga qurolga egalik qilishga ruxsat beriladi. Biroq, mamlakatda qurollar keng tarqalgan: ko‘plab xavfsizlik xodimlariga qurol olib yurish va unga egalik qilishga ruxsat berilgan. Shu bilan birga, Turkiyada maktab otishmalari juda kam uchraydigan holat.

Jurnalistlarning ushbu haftadagi otishmalardan so‘ng rasmiylar biron-bir chora ko‘radimi, deya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchiga savol berdi. U tafsilotlarga to‘xtalmasdan: «Biz zaruriy ehtiyot choralarini ko‘ramiz», dedi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid