Jahon | 11:15 / 17.04.2026
4524
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriyadan barcha qo‘shinlarini olib chiqdi

Suriyada joylashtirilgan Amerika qo‘shinlari mamlakatdan to‘liq olib chiqildi. Damashq hukumati AQSh harbiylarining to‘liq chiqib ketganini e’lon qildi. AQSh tomoni ham bu ma’lumotni tasdiqlab, IShIDga qarshi kurash va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashda sheriklarga yordam berishda davom etishini bildirdi.

Foto: REUTERS

Suriyadan ushbu mamlakatda joylashtirilgan AQSh qo‘shinlari to‘liq olib chiqildi. Suriya Tashqi ishlar vazirligi va ekspatriantlar ishlari bo‘yicha idorasi 16 aprel, payshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida, “ilgari Suriyada Amerika qo‘shinlari bo‘lgan harbiy obektlarning Suriya hukumatiga topshirilishi yakunlangani”ni olqishlashini ma’lum qildi.

Damashq bayonotida qayd etilishicha, “Qo‘shma Shtatlarning Suriyadagi harbiy missiyasini yakunlash haqidagi qarori Suriyada Amerika harbiy ishtirokiga dastlab sabab bo‘lgan sharoitlar, ya’ni IShIDning mintaqaviy yuksalishiga qarshi turish zarurati tubdan o‘zgargani haqidagi umumiy bahoni aks ettiradi”. Suriya TIVga ko‘ra, bugungi kunda Suriya davlati xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda ichki resurslar orqali terrorizmga qarshi kurashga to‘liq rahbarlik qilish imkoniyatiga ega.

Damashqda, shuningdek, harbiy obektlarni topshirish “Suriya va Amerika hukumatlari o‘rtasida to‘liq muvofiqlashtirilgan holda va yuqori professional darajada” amalga oshirilgani ta’kidlandi. Suriya tomoni bu jarayonni Damashq va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning konstruktiv tus olgani belgisi sifatida baholagan.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi — CENTCOM vakillari ham bu ma’lumotni tasdiqladi. AP keltirgan bayonotga ko‘ra, CENTCOM vakili Tim Xokins “AQSh kuchlari Suriyadagi barcha asosiy bazalarimizni bosqichma-bosqich va vaziyatdan kelib chiqqan o‘tish jarayoni doirasida topshirib bo‘ldi”, deb aytgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, amerikalik harbiylar “IShIDning mutlaq mag‘lubiyatini ta’minlash va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan sheriklar boshchiligidagi antiterror operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashda” davom etadi.

AFP muxbirlari Suriya shimoli-sharqidagi Kasrak bazasidan harbiy texnika olib chiqayotgan Amerika avtokarvonining Iroq tomon harakatlanganini kuzatgan. Manbalarga ko‘ra, joriy yil fevral oyida CENTCOM va Suriya Mudofaa vazirligi At-Tanf bazasidan ham Amerika qo‘shinlari chiqarilib, nazorat Suriya kuchlariga topshirilganini tasdiqlagan edi. Shuningdek, 2025 yil aprelida AQSh Suriya shimoli-sharqidagi sakkiz bazasidan uchtasini yopayotgani va kontingent sonini 2000 nafardan 1400 nafarga qisqartirishi ma’lum bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid