O‘zbekiston | 18:39
2323
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda ish bitirish evaziga pora so‘ragan kadastr xodimlari ushlandi

Kadastr agentligining Qarshi tuman bo‘limi yetakchi inspektori 2 ming, Davlat kadastrlari palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Foto: DXX

Yer munosabatlari sohasida qonunbuzilish holatlariga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Kadastr agentligining Qarshi tuman bo‘limi yetakchi inspektori o‘zining mansabdor tanishlari orqali fuqaro tomonidan noqonuniy egallab olingan 12 sotix yer maydoni uchun qo‘llanilgan 82 mln so‘m jarimani bartaraf qilib berish va mazkur yer uchastkasining kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shu kabi holat Shahrisabz tumanida ham fosh etildi. Xususan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan 59 yoshli shaxs va Davlat kadastrlari palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi o‘zaro til biriktirib, mahalliy dehqon xo‘jaligiga tegishli 9 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona rahbari nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 7 ming AQSh dollari talab qilishgan.

Oldindan 4 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid