O‘zbekiston | 22:14 / 20.04.2026
797
3 daqiqa o‘qiladi

Narkotiklar endi virtual makonda: xalqaro hamjamiyat Samarqandda birlashdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 300 millionga yaqin inson kamida bir marta giyohvand moddalarni iste’mol qilib ko‘rgan. Eng xavotirlisi, har yili bu illat tufayli 600 mingdan ortiq inson hayotdan ko‘z yummoqda. Bu raqamlar narkotiklar muammosi allaqachon alohida davlatlar doirasidan chiqib, global xavfsizlik va jamoat salomatligiga jiddiy tahdidga aylanganini yaqqol ko‘rsatadi.

Aynan shu muammolar fonida Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida xalqaro forum boshlandi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forumda 50 ga yaqin davlat, 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar - jumladan, Yevropa Ittifoqi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon bojxona tashkiloti vakillari, shuningdek, 500 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda. Bu esa Samarqand anjumani nafaqat mintaqaviy, balki global muloqot maydoniga aylanganini ko‘rsatadi.

Forumni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda BMT vakili Bo Matiasen ochib berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida narkotiklar savdosi endilikda an’anaviy chegaralardan chiqib, raqamli makonga ko‘chganini ta’kidladi. Bugun jinoiy guruhlar shifrlangan aloqa vositalari, kripto-aktivlar va offshor moliyaviy sxemalar orqali faoliyat yuritmoqda. Shu bois davlat rahbari narkotrafikka qarshi kurashda eng samarali yo‘l sifatida uning moliyaviy manbalarini yo‘q qilish zarurligini ilgari surdi.

O‘zbekiston ham bu borada tizimli chora-tadbirlar amalga oshirmoqda. 2026 yilning birinchi choragida yashirin narkolaboratoriyalar va yirik uyushgan narkojinoiy guruhlarni aniqlash ko‘rsatkichlari 3 barobarga oshgan. Faqat uch oy ichida 35 ta uyushgan guruh faoliyatiga chek qo‘yilib, 8 nafar lider va 130 nafar a’zo qo‘lga olingan. 2025 yil davomida 14 ta noqonuniy narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lsa, 2026 yilning dastlabki uch oyidayoq bu ko‘rsatkich 10 taga yetgan.

Forum doirasida ilk bor xalqaro yoshlar sammiti ham tashkil etilmoqda.

Tadbir doirasida zamonaviy texnologiyalar va maxsus jihozlar namoyish etilgan xalqaro ko‘rgazma ham tashkil qilindi.

Forum yakunida «Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurash: jamoat salomatligi va xavfsizligi» bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu hujjat xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, yagona yondashuvlarni shakllantirish va narkotahdidlarga qarshi kurashda yangi bosqichni boshlab berishga xizmat qiladi. 

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid