Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak” - madaniyat vaziri
Ma’lum bo‘lishicha, san’at vakillari yaqinda prezident bilan muloqot qiladi. Vazir Ozodbek Nazarbekov ushbu uchrashuv avvalidan san’atkorlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi, ularning takliflarini eshitdi. Shuningdek, vazir o‘z chiqishida yaqinda ko‘tarilgan soliq mavzusi «shovqin»iga ham munosabatini bildirib ketdi.
21 aprel kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov san’at sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, yaqinda san’atkorlar bilan prezidentning muloqoti o‘tkaziladi, bunga tayyorgarlik boshlangan. Vazir esa muloqot avvalida hamkasblarini tingladi, takliflarini eshitdi.
So‘zi boshida Nazarbekov yaqinda jiddiy muhokama qilingan san’atkorlarni soliqqa tortishni ko‘zlovchi qaror loyihasi yuzasidan fikrini bildirdi.
“Bu hali muhokamada, qabul qilingani yo‘q. Soliq to‘lash majburiy, hamma to‘layapti, dunyoda soliq to‘lamaydigan odam yo‘q. San’atkorlar ham hozirgacha to‘lab kelmoqda, buni bilmay to‘lamayman deganlari ham bor. Ba’zilar yuzini, savodsizligini ko‘rsatib qo‘ydi”, - deydi u.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak.
Yig‘ilishda san’at vakillaridan kelgusida prezident stoliga qo‘ysa bo‘ladigan takliflar so‘raldi. Soliq ma’muriyatchiligi, konsertlardan to‘lanadigan soliq, xalqaro doirada konsertlar berish va gastrollar, madaniyat markazlari faoliyati, vazirlikning alohida telekanalini ochish va shu kabi fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Xonanda Shuhrat Daryo saviyali asarlarga talab yuqori ekani, biroq reyting sabab ekranlarda ko‘rinmayotganidan nolidi.
“Balki qandaydir resurs, masalan Madaniyat vazirligi telekanalini ochib, hamma saviyali asarlarni unda joylashtirib borishar”, - deydi san’atkor.
Bunga javoban esa Nazarbekov takliflar va tashabbuslar ijrochilari san’at vakillarining o‘zi bo‘lishi, davlat esa faqat qo‘llashi mumkinligini aytdi.
“Oldinga qarab ketaylik, sovet davridek gapirmanglar. Davlat qilib bersin, degan tushunchadan uzoqlashaylik”, - deydi vazir.
Mavzuga oid
18:28 / 11.06.2026
Madaniyatga tikilgan pullar, san’atkordan vazirlikka, internet madaniyatchilari – vazir Nazarbekov bilan suhbat
10:40 / 17.05.2026
P2P monitoringi, yangi tariflar va migratsiyadagi korrupsiya - hafta dayjesti
11:32 / 13.05.2026
O‘zbekistonda P2P monitoringi boshlandi. Ammo noaniqliklar ko‘p
09:51 / 13.05.2026