Jahon | 14:08 / 21.04.2026
1215
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada o‘qotar qurol nazorati kuchaytiriladi

Choralar o‘tgan hafta maktablarda yuz bergan ikki otishma hodisasidan keyin qabul qilinadi.

Foto: AP

Turkiyada o‘qotar qurolga egalik qilishni cheklaydigan choralar ko‘riladi, shuningdek, qurol egalari uchun jazolar yanada kuchaytiriladi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.

Tegishli choralar o‘tgan hafta mahalliy maktablarda sodir bo‘lgan ikki otishma hodisasidan keyin e’lon qilindi.

«Maktablarimizda xavfsizlikni ta’minlash bizning eng ustuvor vazifamizdir. Bu masalada hozir ham, kelajakda ham hech qanday yon berish bo‘lmaydi. Biz o‘qotar qurol egalari, agar ular uni xavfsiz saqlash va muhofaza qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasa, ularga nisbatan jazolarni kuchaytiramiz. Shuningdek, qurolga egalik qilishni cheklaydigan qo‘shimcha huquqiy me’yorlarni joriy etamiz», — dedi Turkiya yetakchisi.

Erdo‘g‘anning aytishicha, Qahramonmarash viloyatidagi maktabda sodir bo‘lgan hodisa oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohat olgan. Shu mintaqadagi Shanliurfa viloyati maktabida esa 19 kishi yaralangan.

«Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli kommunikatsiya platformalarida yolg‘on, manipulyativ va zararli kontent tarqatayotgan akkauntlarga nisbatan zarur choralarni ko‘rdik», — dedi u.

Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati virtual patrullashni kuchaytirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kiberxavfsizlik sohasidagi salohiyatini mustahkamlash niyatida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid