O‘zbekiston | 19:42 / 22.04.2026
4146
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda 12 yillik ta’limga qachon o‘tiladi? – mas’ullar jim

O‘zbekistonda 12 yillik umumiy ta’lim tizimiga o‘tilishi aytilgandi. Biroq bu tizim aynan qachondan boshlab amalga tatbiq etilishi noma’lumligicha qolmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ham bu borada aniq sanani ochiqlagani yo‘q.

Foto: Kun.uz 

Toshkent shahrida 21 aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Kun.uz muxbiri 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish qachondan boshlanishi va u qanday ishlashi haqida savol berdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu masala atrofida ko‘p muhokamalar olib borilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, vazirlik vakili 12 yillik ta’lim tizimi qachondan to‘liq joriy etilishi bo‘yicha aniq muddatni ochiqlamadi.

Karimovga ko‘ra, rejaga asosan 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov bosqichi rasmiy ta’lim tizimiga kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bunda asosiy maqsad – bolalarni maktabga bir xil tayyorgarlik darajasi bilan olib kelish.

“Har bir bola maktabga tayyor holda kelishi kerak. Chunki uning keyingi o‘qishi shu bosqichga bog‘liq. Hozir bog‘chadan to‘g‘ridan to‘g‘ri maktabga kelish 100 foiz emas. Shuning uchun barchani bitta darajaga olib kelish muhim”,  — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, tayyorlov bosqichida ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratilib, bolalarga faqat oliy ma’lumotli pedagoglar dars berishi talabi qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz,  2025 yil sentabrida o‘sha vaqtdagi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov respublikadagi maktablar 12 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tishini ma’lum qilgandi.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid