Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO Rossiya harbiy samolyotlarining Boltiq uzra parvozini to‘sdi
NATO samolyotlari 20 aprel kuni Boltiq dengizi ustida parvoz qilgan Rossiya bombardimonchilari va qiruvchilari guruhini tutib qoldi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa mazkur parvoz rejali bo‘lgani va “neytral suvlar ustida” amalga oshirilganini bildirdi.
Foto: AP
20 aprel, dushanba kuni Boltiq dengizi ustida parvoz qilgan Rossiyaning strategik bombardimonchilari, shuningdek, tezyurar raketa tashuvchi-bombardimonchilari Tu-22M3 hamda Su-30 va Su-35 qiruvchilarini Fransiyaning Rafale qiruvchilari Shvetsiya, Finlyandiya, Polsha, Daniya va Ruminiya samolyotlari bilan birga tutib qolgan. Bu haqda hodisadan keyingi kuni — 21 aprel, seshanba kuni Fransiya qo‘mondonligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, “yirikroq strategik bombardimonchilar”ga hamrohlik qilish uchun Rossiya navbat bilan ikkita Tu-22M3, shuningdek, taxminan 10 ta Su-30 va Su-35 samolyotini jalb qilgan. Litvaning Shyaulyay shahridagi aeroportdan ikki Rafale uchuvchisining havoga ko‘tarilishiga Associated Press agentligi jurnalisti guvoh bo‘lgan.
20 aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi ham shu kuniyoq Boltiq dengizining neytral suvlari ustida “rejali parvoz” amalga oshirilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, Su-35 qiruvchilari hamrohligidagi uzoq masofali Tu-22M3 bombardimonchilari to‘rt soatdan ortiq vaqt parvoz qilgan.
“Marshrutning ayrim bosqichlarida uzoq masofali bombardimonchilar xorijiy davlatlar qiruvchilari kuzatuvida bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.
Rossiya harbiy idorasiga ko‘ra, bunday parvozlar xalqaro qoidalarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Litva Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 13 apreldan 19 aprelgacha NATO uchuvchilari Rossiya samolyotlarini tutish uchun to‘rt marta havoga ko‘tarilgan. Bu samolyotlar parvoz qoidalarini buzgani aytilmoqda.
Bunday qoidabuzarliklar qatorida transponderlarni o‘chirib qo‘yish, parvoz rejasini taqdim etmasdan uchish, shuningdek, NATO ta’kidlashicha, dispetcherlar bilan aloqaning mavjud emasligi qayd etilgan.
Mavzuga oid
09:41
NYT: Kiyev Donbass bo‘yicha g‘ayrioddiy taklif bilan chiqqan
09:09
Rossiyada barcha “front uchun” ishlashi kerak - Putin
18:52 / 21.04.2026
Rossiya Qozog‘iston neftini Yevropaga yetkazib berishni to‘xtatadi
20:41 / 20.04.2026