Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yosh fermerlar va tadbirkorlar uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi
O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida yangi imtiyozlar joriy etilmoqda. Prezident qaroriga muvofiq, yosh tadbirkorlar va fermerlar uchun o‘quv dasturlari, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda bepul xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi.
Prezidentning 2026 yil 20 apreldagi PQ–148-son qarori bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini 2026–2027 yillarda amalga oshirish va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2030 yilga qadar 20 ming nafar yoshni tadbirkorlikka o‘qitishga mo‘ljallangan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda xususiy sektor vakillari jalb etilib, saralab olingan yoshlarga biznes loyihalarini ishlab chiqish, mahsulot va xizmatlarni bozorga chiqarish va kengaytirish bo‘yicha amaliy bilimlar beriladi.
Loyiha yakunida eng yaxshi natija ko‘rsatgan 1 ming nafar ishtirokchiga sertifikat berilib, ularga BHMning 500 baravarigacha miqdorda imtiyozli shartlarda, 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 avgustdan boshlab, tuman fermerlari kengashlari huzuridagi buxgalteriya xizmatlari markazlari tomonidan boshlig‘i yoshlar bo‘lgan yangi fermer xo‘jaliklariga 2 yil davomida bepul xizmat ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan yoshlar tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlarini elektr energiyasi, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlariga ulash bilan bog‘liq davlat xizmatlari xarajatlarining BHMning 10 baravarigacha qismi qoplab beriladi.
Mavzuga oid
08:34 / 22.05.2026
Qayta ishlangan mahsulotlarga bojxona imtiyozlari qo‘llanadi
10:55 / 18.04.2026
O‘qituvchilar uchun yangi imtiyozlar joriy etildi
14:59 / 15.04.2026
Soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish va yangi imtiyozlar bermaslik zarur – XVJ missiyasi
14:41 / 20.03.2026