Jamiyat | 17:40
1918
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda vasiy ayol qizaloqlarga zo‘ravonlik qildi

Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi 7 va 9 yoshli opa-singillar zo‘ravonlikka uchradi. Onasi ularni vasiyga topshirib, o‘zi ishlash uchun Turkiyaga ketgan. Vasiy ayol esa bolalarga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazgan. Kun.uz voqea tafsilotlari va jabrlangan qizlarning hozirgi ahvolini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2017 va 2019 yilda tug‘ilgan opa-singillar onasi tomonidan vasiyga bir yil avval qoldirib ketilgan. Vasiy ayol qizlarni haqoratlab, bosim o‘tkazgani va majburlab pol yuvdirganini o‘zi tasvirga olgani aytilmoqda.

Qizaloqlarning qo‘llarida ko‘karish izlari aniqlangan.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi shu’ba rahbari Murod Egamovga ko‘ra, vasiylar qaramog‘ida qoldirilgan bolalarning ijtimoiy-ruhiy holati har chorakda o‘rganib turiladi. Zo‘ravonlikka uchragan bu qizaloqlarning yashash sharoiti ham joriy yilning birinchi choragida o‘rganilgan va salbiy holatlar kuzatilmagan.

“Ushbu noxush holat 22 aprel kuni sodir bo‘lgan. Biz bu haqda xabar topganimizdan so‘ng ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda qizaloqlarni xavfsiz joyga ko‘chirdik. Bolalar tumanimizdagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Ularning kattasi hududiy maktabga joylashtirildi, kichigiga psixologik yordam ko‘rsatilyapti”, – dedi Murod Egamov.

Qizaloqlarning holati va aybdorlarga chora ko‘rilishi masalasi Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.

Psixolog Zarina Qobilovaning aytishicha, opa-singillarning kichkinasida qo‘rquv kuchli bo‘lgani, ko‘p vaqt davomida sog‘lom oilaviy muhitda yashamagani sababli muloqotga kirishishi qiyin kechmoqda. Bolalar kattalarga nisbatan bunday ruhiy asoratlar ta’siridan chiqishi uchun vaqt va mehr-e’tibor kerak, deydi u.

Oilaviy bolalar uyi rahbari Sanobar Latipova xonadoniga kelgan opa-singillarni o‘z farzandlari qatori qabul qilib, mehr berishini bildirdi.

Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi tergovga qadar tekshiruv boshlagan: bolalar tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Shuningdek, vasiy S.Mardonovaning telefon apparatidan olingan, qizaloqlarning yig‘lagani va bosimga uchragani aks etgan videotasvirlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid