Jamiyat | 19:35 / 26.04.2026
4421
5 daqiqa o‘qiladi

Yoqib yuborilgan kitob – rejissyorlar bu asarni sahnalashtirishdan qo‘rqqan / 5 daqiqa

Birinchi marta Volandning yonidagi Begimot laqabli gapiradigan mushuk haqida o‘qiganimda rostdan ham qo‘rqqanman. Chunki o‘sha so‘xtasi sovuq qayerda paydo bo‘lsa, tartib buzilar, odamlar fosh bo‘lar va qandaydir falokat boshlanardi. Umuman, asar ruhi juda og‘ir bo‘lib, ko‘pchilik bu romanni “la’natlangan” deb talqin qilishadi. Aytishlaricha, ba’zi aktyorlar bu asar asosida sahnaga chiqishdan qo‘rqqan.

“5 daqiqa”ning bugungi sonida Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romani haqida gaplashamiz.

Tasavvur qiling, 1930 yillar Moskvasi. Xudosizlik avj olgan, hamma g‘alati-g‘alati o‘zgarishlarni qabul qilayotgan, tartibli shahar edi go‘yo. Biroq shu tartibli shaharga bir kuni notanish mehmon keladi. Va u kelgan zahoti haqiqat bilan yolg‘on o‘rtasidagi devorlar yorila boshlaydi. Mehmon o‘zini professor Voland deb tanishtiradi, aslida u shayton edi. Yoki uni insonlarning vijdonini sinash uchun yuborilgan kuch, deyish ham mumkin.

Voland va uning jamoasi Moskvada bir nechta sinov o‘tkazadi. Eng mashhur sahnalardan biri – teatrdagi qora seans. Bu yerda odamlarga pul, kiyim, zeb-u ziynat tarqatiladi. Lekin keyinchalik bu narsalar yo‘qoladi va odamlar o‘zlarini sharmandali holatda ko‘radi. Bu epizod orqali insonning ichki qashshoqligini tashqi boylik bilan yashirib bo‘lmasligiga ishora qilinadi. Voland hech kimni majburlamaydi, u faqat imkoniyat beradi. Qolganini odamlarning o‘zlari bajaradi.

Shu o‘rinda asarning ikkinchi, chuqur qatlami ham ochiladi – Ustaning hikoyasi. Usta haqiqatni yozishga jur’at etgan yozuvchi edi. U Pontiy Pilat va Yyeshua Ha-Notsri voqealari aks etgan asar yozadi. Unda Pilat Yyeshuani surishtirish jarayonida uning aybsiz ekanini anglaydi, ammo hokimiyatni yo‘qotish va siyosiy bosimdan qo‘rqib, noto‘g‘ri qaror qabul qiladi.

Pilatning bu xatosi uni abadiy vijdon azobiga mahkum qiladi. U asrlar davomida orom topmaydi. Demak, Bulgakov fikriga ko‘ra, haqiqatni bilib turib uni himoya qilmaslik og‘ir gunoh hisoblanadi.

Kitobdagi Ustaning o‘zi ham murakkab taqdirni boshidan kechiradi. Uning asari rad etiladi, o‘zi ta’qibga uchraydi. Oxirida u qo‘lyozmasini yoqib yuboradi. Yozuvchi go‘yoki o‘z haqiqatini yo‘q qiladi. Lekin aynan shu yerda Bulgakovning mashhur g‘oyasi paydo bo‘ladi: qo‘lyozmalar yonmaydi. Ya’ni haqiqatni yo‘q qilish mumkin emas. Uni vaqtincha ko‘mish mumkin, lekin u baribir qayta tiriladi.

Margarita Ustani sevgani uchun jamiyat qoidalarini buzishga tayyor bo‘lgan isyonkor ayol. U Voland bilan kelishuvga rozi bo‘ladi va jodugarga aylanadi. Margaritaning shayton bazmida qatnashishi asarning eng kulminatsion nuqtalaridan biri. U yerda Margarita gunohkorlar orasida “malika” bo‘ladi. Lekin bu qudratni o‘z manfaati uchun emas, Ustani qutqarish uchun ishlatadi. Bu yerda Bulgakov muhabbat – insonni qutqaradigan qudratli kuch demoqchi bo‘ladi.

Bulgakov bu asarni o‘n yildan ortiq yozgan. Bir necha bor uni yo‘q qilgan, qayta yozgan. Sovet senzurasi uning asarlarini taqiqlagan. Yozuvchi vafotidan keyin esa xotini Yelena Shilovskaya qo‘lyozmani saqlab qoladi. Natijada roman dunyo adabiyotining eng muhim asarlaridan biriga aylanadi.

“Usta va Margarita”ni faqat o‘tmish bilan bog‘lab qo‘yish xato. Chunki undagi savollar hozir ham tirik. Bugun ham odamlar ko‘pincha haqiqatni emas, o‘ziga qulay bo‘lganini tanlaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “niqoblar”, jamoat fikridan qo‘rqish, manfaat uchun vijdonni qurbon qilish – bularning barchasi Bulgakov tasvirlagan dunyodan unchalik ham farq qilmaydi. Voland bugun kelsa, ehtimol, u teatr emas, internet orqali odamlarni fosh qilgan bo‘lardi.

Ishonaman, siz yaxshi kitobxonsiz, dunyoqarashingiz ham ancha keng ekaniga aminman. Sababi besh daqiqa sabr qilib, ko‘rsatuvning shu soniyasigacha keldingiz. Biroq bu kitobni haligacha o‘qimagan bo‘lsangiz, albatta, o‘qishingiz kerak. Axir dunyodagi eng murakkab va qiziqarli kitoblardan birini o‘qiganmisiz, degan savolga “ha” deb javob berishni istaysiz-ku.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid