Biznes | 08:35
4529
10 daqiqa o‘qiladi

Ambanilarning 200 mlrd dollarlik biznes imperiyasi. Hammasi qanday boshlangandi?

Bundan 80 yil oldin hindistonlik 16 yoshli yigit tirikchilik ko‘yida Yamanga boradi va yoqilg‘i quyish shoxobchasida ishlay boshlaydi. Oradan yillar o‘tib u Hindistonga qaytib, 35 kvadrat metrlik kichkina xonada kompaniya tashkil etadi va ziravorlar sotishni yo‘lga qo‘yadi. Shu tariqa dunyodagi eng yirik neftni qayta ishlash majmuasi va 470 milliondan ortiq obunachiga ega telekommunikatsiya tarmog‘ining egasi bo‘lgan “Reliance Industries” kompaniyasining asosi paydo bo‘ldi.

2024 yilning bahor va yoz oylari. Butun dunyo mediasining e’tibori Hindistonga qaratilgandi. Sabab bitta: Osiyoning eng boy odami Mukesh Ambani kenja o‘g‘li Anant uchun shunday to‘y qildiki, uning dabdabasi butun sayyorada shov-shuv bo‘ldi. Bu shunchaki dabdabali marosim emas, balki Ambanilar oilasining global qudrati, ta’siri va beqiyos boyligining namoyishi ham edi.

To‘ydan oldingi tadbirlarga Mark Tsukerberg, Bill Geyts, Ivanka Tramp singari global elita vakillari tashrif buyurdi, Rihanna va Jastin Biber kabi jahon yulduzlari millionlab dollar evaziga qo‘shiq kuyladi. Umuman bayramga taklif etilgan siyosatchilar ro‘yxatida AQShning sobiq davlat kotiblari Hillari Klinton va Jon Kerri, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vazirlari Boris Jonson va Toni Bler ham bor edi. Kichik bir shahar — Jamnagardagi aeroport bir necha kun ichida xalqaro aviatsiya xabiga aylandi. To‘y uchun umumiy hisobda 600 mln dollar pul sarflanadi.

Xo‘sh, bu qanday oila? Ular shuncha pulni qayerdan olishyapti? Kun.uz “Biznes vaqti” ruknida Osiyoning eng boy oilasi — Ambanilarning kichik ziravorlar savdosidan global biznes imperiyaga aylanishigacha bo‘lgan tarixiy yo‘li haqida hikoya qiladi.

Hammasi qanday boshlangandi?

Bugungi kunda qiymati 200 milliard dollardan qimmatroqqa baholanadigan “Reliance Industries” kompaniyasining asosi o‘tgan asrning 50 yillarida, Hindistondan ancha uzoqda joylashgan Yaman davlatida paydo bo‘ladi. Mukesh Ambanining otasi, biznes imperiya asoschisi Dhirubhay Ambani 1932 yilda Hindistonning Gujarat shtatida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Oila qashshoq bo‘lgani sababli, Dhirubhay 16 yoshida ishlash uchun Yamanning Adan shahriga yo‘l oladi. Bu yerda u yoqilg‘i quyish shoxobchasida oddiy ishchi, keyinroq esa hisobchi bo‘lib ishlaydi. Dhirubhay bo‘sh vaqtlarida bozorlarni aylanar, xalqaro savdo qanday ishlashi, valuta kurslaridagi farqlarni o‘rganardi. Hattoki o‘sha paytda Yamanda muomalada bo‘lgan kumush tangalarni eritib, Yevropa mamlakatlariga qimmatroqqa sotish orqali dastlabki kapitalini yig‘gani haqida ayrim ma’lumotlar ham uchraydi.

1958 yilda Dhirubhay taxminan 50 ming rupiya bilan Hindistonga qaytadi. U Mumbaydagi eski bozorda, 35 kvadrat metrlik kichkina xonada jiyani bilan birgalikda “Reliance Commercial Corporation” kompaniyasiga asos soladi. Ularning ilk biznesi — Yaqin Sharqqa ziravorlar eksport qilish va u yerdan sifatli neylon va poliyester iplarini import qilish bo‘ladi.

Xomashyo narxining o‘zgarishi, yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar va Hindiston hukumatining qat’iy import cheklovlari Dhirubhay biznesining o‘sishiga to‘sqinlik qila boshlaydi. Qaramlikdan qutulishning yagona yo‘li — mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish edi. 1966 yilda Ambani Ahmadobod yaqinidagi Naroda shahrida o‘zining ilk to‘qimachilik fabrikasini qurdi va “Vimal” brendiga asos soladi. Uning mahsulotlari qisqa vaqt ichida Hindistonda mashhur bo‘lib ketdi.

Biznesni kengaytirish uchun katta mablag‘ talab qilina boshlaydi. O‘sha paytda Hindistondagi banklar yirik kreditlarni faqat boy oilalar va ishlab chiqaruvchilargagina berardi. Shunda Dhirubxay inqilobiy qadam tashlaydi va 1977 yilda “Reliance” kompaniyasining ilk aksiyalarini ommaviy savdoga chiqaradi. O‘n minglab oddiy hindistonliklar uning korxonalariga sarmoya kirita boshlaydi. Bu Hindiston fond bozorining shakllanishidagi eng muhim qadamlardan biri sifatida ham tavsiflanadi.

Orqaga integratsiya” strategiyasi

“Reliance”ning shunchaki muvaffaqiyatli kompaniyadan gigant imperiyaga aylanishidagi tub burilish nuqta “vertikal integratsiya” strategiyasi hisoblanadi. “Vimal” matolari mashhur bo‘lgach, Ambani ip-kalavani boshqalardan sotib olmaslik uchun kalava ishlab chiqaruvchi zavodlar qura boshlaydi. Poliyester ishlab chiqarish uchun neft-kimyo mahsulotlari, uning uchun esa xom neftni qayta ishlash zarur bo‘lardi. Shu tariqa 1990 yillarning oxiriga kelib, Ambanilar oilasi Gujarat shtatining Jamnagar shahrida jahondagi eng yirik neftni qayta ishlash majmuasini qurdilar. Bugungi kunda ushbu majmua kuniga 1,2 million barreldan ortiq neftni qayta ishlaydi va bu “Reliance” kompaniyasi daromadining asosiy qismini tashkil qiladi. Xom neftni qazib olishdan tortib to tayyor ko‘ylakni xaridorga sotishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni o‘z nazoratiga olgan Ambanilar vositachilik zanjirini qisqartirib, tannarxni keskin pasaytira olgani hisobiga bozorlardagi raqobatchilaridan ustun kela boshlashdi.

Aka-uka o‘rtasidagi nizolar 

2002 yilda Dhirubhay Ambani vafot etadi. U tashkil etgan kompaniya va bir necha o‘n milliard dollar pullar o‘g‘illari Mukesh va Anil Ambaniga meros bo‘lib o‘tadi. Mukesh kompaniya prezidenti, Anil esa vitse-prezident lavozimini egallaydi. Ko‘p o‘tmay aka-uka o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqa boshlaydi. Bunga Anilning Mukeshni kompaniya boshqaruvini to‘liq o‘z izmiga olishga urinayotganlikda ayblashi sabab bo‘ladi. Anil hatto direktorlar kengashiga ochiq xat yozib, akasining boshqaruvi bo‘yicha e’tirozlarini ma’lum qiladi. Oxir-oqibat, 2005 yilda aka-ukalarning onasi kompaniyani bo‘lib olishni taklif qiladi.

Bo‘linishdan keyin Anilga energetika, telekommunikatsiya va ko‘ngilochar loyihalar tegadi. “Reliance Industries” kompaniyasi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri Mukeshga o‘tadi. Biroq aka-uka o‘rtasidagi mojaro davom etaveradi. Anil o‘ziga kam haq tekkan deb hisoblardi. O‘shandan buyon Mukesh va Anil bir necha marta bir-birini ayblab chiqdi, o‘zaro sudlashdi. Bu mojaro hanuzgacha davom etib kelyapti.

Vaqt o‘tishi bilan aka-ukalarning boshqaruv uslubidagi farq o‘z natijasini ko‘rsatdi. Anil Ambani ketma-ket noto‘g‘ri qarorlar sabab qarz botqog‘iga botib qoldi. Mukesh Ambani esa neft biznesidan keladigan milliardlab dollar daromadlarni zamonaviy tarmoqlarga investitsiya qiladi va o‘z biznes imperiyasini shiddatli tarzda kengaytiradi. Masalan, 2016 yilda Mukesh Ambani “Reliance Jio” mobil operatorini ishga tushirdi. Ungacha Hindistonda internet juda qimmat va sekin edi. Mukesh 30 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritib, butun mamlakat bo‘ylab 4G minoralarini o‘rnatdi va odamlarga 6 oy davomida mutlaqo bepul, cheksiz internet va qo‘ng‘iroqlarni taklif qiladi. Bu raqobatchilarni sindirdi va “Jio”ni tez orada 470 milliondan ortiq obunachisi bor dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya tarmoqlaridan biriga aylantirdi. Mamlakatdagi kichik va o‘rta operatorlar bankrotlikka uchradi. Xususan, Anil Ambaniga tegishli bo‘lgan “Reliance Communications” ham raqobatga dosh berolmaydi va qarzga botib qoladi. 2019 yilda Anil Shvetsiyaning “Ericsson” kompaniyasi oldidagi qarzini to‘lay olmagani uchun sud qarori bilan qamalish xavfi ostida qoladi. Mukesh so‘nggi kunlarda taxminan 80 million dollar pul berib, ukasini qamoqdan saqlab qoladi.

Bugungi kunda Ambanilar oilasining eng katta aktivi “Reliance Industries” kompaniyasidir. Ularning biznesi neftni qayta ishlash, chakana savdo, telekommunikatsiya, oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va raqamli platforma xizmatlarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi. Forbes Mukesh Ambanining boyligini qariyb 100 mlrd dollarga baholayapti va dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 21-o‘ringa joylashtirgan. Bulardan tashqari, Ambanilarning Mumbay markazida joylashgan shaxsiy qarorgohi — “Antilia” 27 qavatli bo‘lib, uning qiymati 2 milliard dollarga. Binoda 3 ta vertolyot qo‘nish maydonchasi, 168 ta avtomobil uchun garaj, osma bog‘lar, qor yog‘adigan maxsus xona va oilaga xizmat ko‘rsatuvchi 600 nafar xodim bor.

Qolaversa, “Reliance Retail” yuzlab xalqaro brendlarning Hindistondagi rasmiy franshiza hamkori hisoblanadi. Mukesh Ambani quyosh energiyasi, yashil vodorod va yirik akkumulyatorlar zavodlarini qurishga o‘nlab milliard dollar sarmoya kirityapti. U Hindistondagi eng yirik ommaviy axborot vositalari hamda mamlakatdagi eng muvaffaqiyatli kriket jamoasi Mumbai Indians’ga ham egalik qiladi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid