2025 yil dekabr oyida yagona QR-kodlarni joriy etişni nazarda tutuvçi prezident farmoni imzolangandi. Unga köra, 1 yanvardan boşlab savdo va xizmat körsatiş sohalaridagi barça yuridik şaxslar faoliyatiga yagona QR-kodlarni joriy etiş boşlandi va 1 iyuldan boşlab undan foydalaniş majburiy talabga aylanadi. Ya’ni yuridik şaxslar öz mijozlariga nafaqat naqd yoki terminal orqali, balki yagona QR-kod orqali ham tölov qiliş imkoniyatini yaratişi şart böladi. Bu qoidani buziş javobgarlikka sabab böladi.

UzQR kodning asosiy xususiyati — iste’molçi istalgan bank ilovasi yoki tölov taşkiloti mobil ilovasi orqali bitta QR-kodni skaner qilgan holda tölovni amalga oşirişi. Bunda savdo va xizmat körsatiş sub’yektlari bir neça xil QR-kod va tölov yeçimlarini saqlab turiş zaruratidan ozod böladi.

Komissiya tölovi — 0,65 foiz

Markaziy bank ma’lumotlariga köra, UzQR uçun sotuvçidan tranzaksiya summasining 0,65 foizi miqdorida komissiya undiriladi. Uşbu komissiya quyidagiça taqsimlanadi:

  • Ekvayer bank (QR-kodni merçantga örnatib bergan bank) — 0,10 foiz;

  • Uzcard — 0,075 foiz;

  • Humo — 0,05 foiz;

  • QR-kod operatori (tizimni uzluksiz qöllab-quvvatlaş) — 0,20 foiz;

  • Tölov taşabbuskori (QR-kodni öquvçi mobil ilova) — 0,15 foiz;

  • Tölovçi bank (tizimda tölovni amalga oşiruvçi bank) — 0,05 foiz.

“UzQR’ning 0,65 foizlik umumiy tarifini xolisona baholaş uçun uni hozirgi tölov xizmatlari bozoridagi mavjud tariflar bilan taqqoslaş örinli. Bugungi kunda tölov xizmatlari bozorida savdo va xizmat körsatiş sub’yektlari uçun QR-kodlar orqali tölovlarni qabul qiliş 1-3 foizni taşkil qiladi”, deyiladi MB xabarida.

Regulyatorga köra, tizimning rasmiy tarif tuzilmasida tölovçidan (iste’molçidan) heç qanday komissiya undiriş közda tutilmagan. Barça tarif — faqat merçant tomonidan tölanadigan 0,65 foizdan iborat va u yuqorida körsatilgandek zanjir iştirokçilari örtasida taqsimlanadi.