O‘zbekiston | 10:41
3705
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Dauletiyar Xudaybergenov Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. Bu lavozim shu yil fevralida Baxtiyor Haydarov boshqa ishga o‘tgach, vakant turgandi. Shuningdek, Aleksey Xen o‘rniga Alisher Do‘smuhamedov shahar hokimining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Dauletiyar Baxtiyarovich Xudaybergenov Toshkent shahri hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Toshkent shahri iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi, deya xabar bermoqda hokimlik.

Dauletiyar Xudaybergenov

Dauletiyar Xudaybergenov 1990 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. 2013 yilda Toshkent davlat yuridik institutini bakalavriat, 2015 yilda magistratura bosqichlarini tamomlagan.

U 2024 yilda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetini qayta tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan, 2025 yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014 yilda boshlab, qator vazifalarni bajarib kelgan.

Xususan, Prezident administratsiyasida ishlagan davrida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etish, sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, qurilish va kommunal sohani hamda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ishlarda ishtirok etgan.

Shu kunga qadar Xudaybergenov Prezidenti administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Ushbu lavozimda 2024 yil iyun oyidan ishlagan Baxtiyor Haydarov 2026 yil fevralida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi rahbari lavozimiga o‘tkazilgach, uning o‘rni bo‘sh qolayotgandi.

Alisher Ismatillayevich Do‘smuhamedov Toshkent shahri hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari – Raqamli rivojlanish departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi.

Alisher Do‘smuhamedov

Alisher Do‘smuhamedov 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2002 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini, 2006 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2013 yilda O‘zbekiston Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini, 2021 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2003 yilda boshlab, qator mas’uliyatli vazifalarda ishlagan. U 2023 yil 29 martdan buyon Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritiyu kelayotgandi.

U bu lavozimda 2022 yildan buyon ishlab kelayotgan Aleksey Xen o‘rnini egalladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid