Jahon | 19:54
1824
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh zarbxonasida Kolumbiya kartellariga tegishli oltin topildi

Ushbu oltindan investitsiya tangalari, jumladan, «Amerika oltin burguti» zarb qilinadi.

Foto: The New York Times

AQSh zarbxonasi kelib chiqishi shubhali bo‘lgan oltinni legallashtirishga aloqador bo‘lishi mumkin va Kolumbiyaning Clan del Golfo giyohvand moddalar karteli bilan bog‘liq metallni qabul qilgan, deb xabar berdi The New York Times. Ushbu oltindan investitsiya tangalari, jumladan, «Amerika oltin burguti» zarb qilinadi. Bunday tangalarning yillik savdosi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.

Nashrning yozishicha, sxema Kolumbiyada boshlanadi, u yerda kartel La-Mandingu noqonuniy konini nazorat qiladi. Qazib olingan oltinni Kaukasiya shahridagi savdogarlar sotib oladi, bu esa metallni qog‘ozda qonuniylashtirish imkonini beradi. Konchilar kuniga 50 dollardan 2,5 ming dollargacha naqd pul oladi, shundan so‘ng oltin quymalarga aylantirilib, eksport qilinadi. So‘nggi bir yil ichida taxminan 255 million dollarlik metall Texasga jo‘natildi va Dillon Gage zavodiga topshirildi. Korxonada oltin qayta eritiladi va shundan so‘ng Amerikaniki deb hisoblanadi.

1985 yilda Kongress tomonidan faqat Amerika oltinini sotib olish talabi o‘rnatilganiga qaramay, AQSh Moliya vazirligining 2024 yilgi auditi shuni ko‘rsatdiki, zarbxona yigirma yil davomida xomashyoning kelib chiqishini tekshirmagan va ta’minotchilarga savollar bermagan. Oqibatda ta’minot zanjirida yuzlab million dollarlik xorijiy oltin paydo bo‘ldi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent shunday dedi: «Tekshiruv AQSh zarbxonasi uchun oltin yetkazib beruvchilar qonunga rioya qilayotganiga va o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarayotganiga, sud esa milliy xavfsizlikni himoya qilish uchun barcha chorani ko‘rayotganiga ishonch hosil qilishga qaratilgan». Vazirlik xorijiy oltindan to‘liq voz kechish investitsiya tangalariga bo‘lgan talabni qondirishga imkon bermasligini tan oldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid