Jahon | 11:34
6857
12 daqiqa o‘qiladi

 “Imperiyalar qabristoni” – nega yirik davlatlar Afg‘onistonni bo‘ysundira olmagan?

So‘nggi 50 yilda afg‘onlarday qiynalgan xalq bo‘lmasa kerak. Bu muddatda ularning uyida bir kun ham tinchlik bo‘lmadi. Avvaliga sovet armiyasi bostirib kirib, 10 yil jang qildi. Keyin toliblar paydo bo‘ldi va fuqarolar urushi boshlandi. 2001 yilda Afg‘onistonga AQSh harbiylari kiritildi. Amerikaliklar toliblarga qarshi 20 yil jang qildi va oxir-oqibat ular ham Afg‘onistonni tark etdi.

Afg‘oniston tarixiga qaralsa, bu yurt tarixda ko‘plab sarkardalar tomonidan egallangan, imperiyalar tarkibiga kirgan.

Jumladan, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Chingiziylar, Temuriylar davlatlarining bir qismi bo‘lgan. Afg‘onistonga bir muddat Shayboniylar ham egalik qilgan.

Shuningdek, o‘z yurtiga sig‘magan Bobur 1504 yilda Afg‘onistonni egallab, uni 20 yil boshqaradi. So‘ng Hindistonni egallaydi. O‘shanda afg‘on qabilalari Boburga hind yurtini zabt etishda yordamlashadi.

Boburiylardan so‘ng afg‘onlar yurtini Safaviylar davlati egallaydi va bir necha asr hukmronlik qiladi. O‘z davrida yuqorida nomlari keltirilgan imperiyalar afg‘onlarni qiyinchilik bilan bo‘ysundirgan.

Masalan, mo‘g‘ullar qo‘shini hozirgi Afg‘oniston hududiga yetib kelganda Bomiyon vodiysida qattiq qarshilikka uchraydi. Natijada Chingizxonning nabirasi o‘ldiriladi.

Bundan g‘azablangan mo‘g‘ullar vodiy aholisini butunlay qirib tashlaydi va ularning o‘rniga o‘z odamlarini joylashtiradi. Bugun Afg‘onistonda yashovchi hazora millati o‘sha mo‘g‘ullarning avlodlari hisoblanadi.

Shuningdek, bir paytlar Amir Temur ham afg‘onlarni bo‘ysundirishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Rivoyatlarga ko‘ra, afg‘onlar bir necha marta Amir Temur qoldirgan qo‘mondonni o‘ldirishgan, qo‘shinni qirib tashlashgan.

Afg‘onlarning bosqinchilarga qarshi kurashi mintaqaga Britaniya harbiylari kirib kelganidan so‘ng yanada avj oladi. Afg‘onlar “g‘ayridinlar” qo‘l ostida yashashni istamaydi va inglizlar bosqiniga munosib qarshilik ko‘rsatadi.

Keyinchalik, 20- va 21-asrlarda afg‘onlar yana ikkita yirik davlat, SSSR va AQSh bosqinida ham mardona himoyalanadi.

Afg‘on davlatining tashkil topishi

18-asr boshlarida hozirgi Afg‘oniston tarkibiga kirgan hududlar Safaviylar davlati va Buxoro xonligi tarkibida edi. Safaviylar davlati zaiflashgach Qandahor va Hirot mustaqil bo‘ladi.

Buxoro xonligi zaiflashgach o‘zbeklarning yarim mustaqil Balx xonligi tashkil topadi. Mamlakat sharqida esa pushtunlar boshqarib turgan Qandahor kuchayib boradi va Safaviylar davlatiga qarshi yurishlar qiladi.

1747 yilda Qandahorda hokimiyat Hotakiylardan pushtunlarning Durroniy sulolasiga o‘tadi. Shundan so‘ng ularning qo‘mondoni Ahmad Shoh Durroniy Peshavor, Hirot, Kobul kabi mustaqil hududlarni bo‘ysundiradi va markazlashgan Afg‘on davlati tashkil topadi.

O‘sha paytlarda Hindistonning ancha qismini egallab olgan Britaniya imperiyasi Afg‘onlar davlatiga ham xavf sola boshlaydi.

Britaniya imperiyasiga taslim bo‘lmagan Afg‘oniston

Bir necha asr davomida Hindistonning turli hududlarini asta-sekinlik bilan egallab kelgan inglizlar 1857 yilda Boburiy hukmdorlarning so‘nggisi Bahodir Shoh Zafarni taxtdan ag‘daradi.

Shundan so‘ng ular g‘arb tomonga siljib keladi va afg‘onlar bilan to‘qnashadi. Bir nechta og‘ir janglardan so‘ng inglizlar pushtun qabilasi yashaydigan hududning bir qismini bosib oladi. So‘ng afg‘onlarning qolgan hududini bosib olishga urinadi.

Britaniya imperiyasi va afg‘onlar o‘rtasidagi birinchi urush 1839-1842 yillar oralig‘ida, ikkinchi urush 1878-1880 yillarda bo‘lib o‘tadi. Bu urushlarda Britaniya armiyasi g‘alaba qozonadi, biroq inglizlar baribir Afg‘onistonni to‘liq egallashga muvaffaq bo‘lolmaydi.

Shundan so‘ng ular 1893 yilda Afg‘oniston bilan chegara masalasida kelishuv imzolaydi. O‘shanda Britaniya tomonidan muzokaralarda Mortimer Dyurand ishtirok etadi va afg‘onlar bilan kelishuv imzolashda asosiy rolni bajaradi.

Shu sababli Afg‘oniston va Britaniya Hindistoni o‘rtasida tortilgan chegara uning nomi bilan “Dyurand chizig‘i” deb atalgan.

O‘shanda tomonlar uzunligi 2 640 km bo‘lgan chegara chizig‘ining qayerlardan o‘tishi bo‘yicha kelishuvga erishadi. Biroq bu kelishuv afg‘onlarning zarariga ishlaydi.

Chunki chegara Mortimer Dyurand taklif etgan chiziq bo‘ylab o‘tgandan so‘ng afg‘onlarning pushtun qabilasi yashab kelayotgan hududning katta qismi Britaniya qo‘l ostiga o‘tib ketadi.

Boshqa tomondan o‘sha paytda dunyodagi eng qudratli davlatlardan biri bo‘lgan Britaniya imperiyasini muzokara stoliga o‘tirishga majbur qilish va o‘z mustaqilligini saqlab qolish afg‘onlar uchun yutuq edi.

1917 yilda Rossiyada Fevral va Oktyabr to‘ntarishlari bo‘lib o‘tadi. Imperator Nikolay Ikkinchi avvaliga taxtdan quviladi, so‘ng qatl etiladi. Hokimiyat sovetlar qo‘liga o‘tadi.

Shundan so‘ng sovet Rossiyasi Markaziy Osiyoni qo‘ldan chiqarmaslik maqsadida Afg‘onistonni bufer zona sifatida ko‘ra boshlaydi va bu davlat bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishga urinadi.

Boshqa tomondan inglizlar ham Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyoga kirib kelishni rejalashtiradi va 1919 yilda afg‘on yerlariga yana hujum qiladi.

Afg‘oniston va Britaniya o‘rtasidagi uchinchi urushda ham afg‘onlarning qo‘li baland keladi. Shundan so‘ng Omonullaxon Afg‘onistonni mustaqil davlat deb e’lon qiladi. Britaniya afg‘on yerlariga boshqa hujum qilmaydi

Shu tariqa Afg‘oniston 20-asr boshlarida Eron, Turkiya kabi Osiyodagi kam sonli mustaqil davlatlarning biriga aylanadi.

Sovetlarning sharmandali mag‘lubiyati

1970-yillar Afg‘oniston uchun biroz notinch kechadi. 1973 yilda mamlakat rahbari Zohirshoh Italiyaga rasmiy tashrif bilan ketganida, uning yaqin qarindoshi, Afg‘oniston bosh vaziri Muhammad Dovud davlat to‘ntarishini amalga oshiradi va Afg‘onistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi. Zohirshoh Italiyada qoladi.

Muhammad Dovudning hukmronligi besh yil davom etadi. 1978 yil 27 aprelda Afg‘onistonda yana notinchlik boshlanadi. Bu safar Muhammad Dovudga qarshi isyon ko‘tariladi. Oqibatda u oila a’zolari bilan birga o‘ldiriladi.

Hokimiyat Nurmuhammad Tarakiy va Hafizulloh Amin qo‘liga o‘tadi. Biroq Afg‘onistonda ularga qarshi bo‘lganlar ham bor edi. Shu sababli mamlakatda fuqarolar urushi boshlanadi. Ko‘p o‘tmay Tarakiy hibsga olinadi va qatl etiladi.

Shundan so‘ng Afg‘onistondagi siyosiy kelishmovchilikka sovetlar aralasha boshlaydi. Hafizulloh Amin AQSh bilan do‘stona aloqalar o‘rnatish tarafdori edi. Shu sababli sovetlar uni yo‘q qilish payiga tushadi.

1979 yil kuzda sovetlar Afg‘onistonga qo‘shin kiritish bo‘yicha bir to‘xtamga keladi. Bu ishning asosiy tashabbuskori KGB rahbari Yuriy Andropov va mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov bo‘lgani aytiladi.

1979 yil dekabr oyi boshlarida Afg‘onistonga KGBning “Musulmon batalyoni” deb nom olgan bo‘linmasi kiritiladi. 12 dekabrda SSSR Siyosiy byurosi Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqida qaror qabul qiladi.

14 dekabrda Afg‘onistonga 345-havo-desant polki tashlanadi. 16 dekabr kuni Aminga suiqasd uyushtiriladi va u tirik qoladi.

23 dekabr kuni Ustinov Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqidagi direktivani imzolaydi. Shundan so‘ng quruqlikdan va havodan sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga kirishni davom ettiradi.

27 dekabrda KGBning “Musulmon batalyoni” xodimlari afg‘oncha kiyinib, Amin saroyiga bostirib kiradi. Shu yerda u o‘ldiriladi.

O‘sha paytda Amin saroyiga KGB maxsus bo‘linmasi bostirib kirgani haqida hech qayerda gapirilmaydi. Ommaga “Afg‘on xalqi Amin saroyini zabt etdi va uni o‘ldirdi”, deb ma’lumot beriladi.

Jumladan, “Pravda” gazetasida “Afg‘on xalqi isyon ko‘tarib, saroyga bostirib kirdi. Amin va uning tarafdorlarini o‘ldirdi” deb yozib chiqadi. O‘shanda aslida nima bo‘lgani haqida omma SSSR parchalanib ketganidan so‘ng xabar topadi.

Sovet armiyasi Afg‘onistonda 10 yil urushadi. Biroq ko‘zlangan maqsadga erishilmaydi va 1989 yilda bu davlatni vayronaga aylantirib, sharmandalarcha tark etadi.

Afg‘on urushi SSSR iqtisodiyotining zaiflashuviga sabab bo‘ladi. Chunki shu urush tufayli G‘arb dunyosi SSSRga sanksiyalar e’lon qiladi.

AQSh esa neft eksport qiluvchi davlatlarga ta’sir o‘tkazib, jahon bozorida “qora oltin” narxini keskin tushirishga muvaffaq bo‘ladi.

Oqibatda sovet davlati iqtisodiyoti zaiflashib boradi va 1980-yillarning ikkinchi yarmida mamlakatda taqchillik boshlanadi. Oxir-oqibat 1991 yilda SSSR parchalanib ketadi.

AQShning behuda urinishi

2001 yil 11 sentabrda AQShda bir nechta samolyot “Al-qoida”ga aloqador deyilgan terrorchilar tomonidan egallandi va turli binolarga olib borib uriladi.

Oqibatda Nyu Yorkdagi osmono‘par egiz binolar qulab tushadi. Pentagon binosi shikastlandi. Minglab odamlar halok bo‘ladi.

O‘shanda AQSh tomoni terrorchilar Afg‘oniston hududida tayyorgarlik ko‘rgan va shu mamlakatda panoh topgan deb chiqadi. So‘ng shuni sabab qilib 2001 yil oktyabrda Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi.

Ko‘p o‘tmay Afg‘onistonga AQShning yaqin ittifoqchilari bo‘lgan davlatlar armiyalari ham kirib keladi. O‘sha paytda Afg‘onistonni “Tolibon” boshqarib turgandi.

AQSh armiyasi poytaxt Kobulni va boshqa yirik shaharlarni egallaydi. Toliblar chekka hududlarga chekinadi va asosan partizanlik urushi olib boradi.

AQSh armiyasi Afg‘onistonda 20 yil jang qildi, biroq “Tolibon”ni butunlay yenga olmadi. O‘z maqsadiga erishmadi. Amerikaliklar ham sovetlarga o‘xshab Afg‘onistonni vayronaga aylantirdi va oxirida bu davlatni sharmandalarcha tark etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh 20 yil davomida Afg‘onistondagi urush uchun 2,3 trillion dollar ishlatgan. Shu muddatda 110 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

2021 yil avgustda AQSh armiyasining oxirgi bo‘linmalari Afg‘onistonni tark etdi. Amerika Kobuldagi elchixonani yopdi. Afg‘onistondagi hokimiyat to‘lig‘icha toliblar qo‘liga o‘tdi.

O‘shandan buyon Pokiston bilan chegarada bo‘lib turgan ayrim otishmalarni aytmaganda Afg‘oniston xalqi tinch yashab kelmoqda. Ungacha esa bu davlatda 50 yildan oshiq vaqt davomida tinchlik bo‘lmagandi.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid