Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Putin bilan gaplashdi
U matbuot anjumanida Ukraina va Eronni adashtirib yubordi; Moskva 9 may munosabati bilan sulh taklif qilgan.
Foto: Getty Images
AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin 29 aprel kuni bir yarim soat mobaynida telefon orqali muloqot qildi.
RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Putin Trampga 9 may kuni sulh e’lon qilishga tayyorligi haqida ma’lum qilgan.
Putin Donald Trampga yaqinda sodir etilgan suiqasd munosabati bilan qo‘llab-quvvatlash so‘zlarini bildirdi va bu jinoyatni qoraladi, degan Ushakov.
«Donald Tramp yaqinda Rossiya tomonidan e’lon qilingan Pasxa sulhini ijobiy baholadi. Shu munosabat bilan Vladimir Putin amerikalik hamkasbiga G‘alaba kunini nishonlash davrida ham sulh e’lon qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Tramp ushbu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatladi», – deya Ushakovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».
Ammo biroz o‘tib, Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Tramp sulh g‘oyasi o‘zidan chiqqanini aytdi.
«Prezident Putin bilan uzoq suhbatlashdim. Men kichik sulh taklif etdim va o‘ylaymanki, u buni qila oladi. U shu bilan bog‘liq nimadir e’lon qilishi mumkin. U hali buni e’lon qilmadimi? Men undan qisqa vaqtga bo‘lsa ham otashkesim e’lon qilishni so‘radim... U yerda juda ko‘p odam halok bo‘lmoqda, bu ahmoqlik», – degan AQSh prezidenti.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Putinga Ukrainadagi nizoni hal qilish bo‘yicha kelishuvga juda oz qolganini aytgan. «Bizning prezident nima bo‘lganda ham maxsus harbiy amaliyotning barcha maqsadlariga erishilishini yana bir bor tasdiqladi», – deya qo‘shimcha qildi Ushakov.
Tramp Putin bilan Ukraina haqidagi muloqoti haqida shunday dedi: «Biz juda yaxshi suhbat o‘tkazdik. Biz tez orada bir yechimga kelamiz, deb umid qilaman. Menimcha, u yechimni ko‘rishni istaydi, shunday deyishim mumkin. Va bu yaxshi».
Tramp Eron va Ukrainani qanday adashtirib yubordi
Matbuot anjumani chog‘ida Tramp jurnalistlardan birining ikki urushdan qaysi biri tezroq tugashi haqidagi savoliga javob berar ekan, katta ehtimol bilan, Eron va Ukrainani chalkashtirib yubordi.

«Bilmayman. Balki vaqt chegaralari bir xil bo‘lar», – deya javob qaytardi AQSh prezidenti. Va shunday davom ettirdi: «Ukraina… harbiy nuqtayi nazardan ular mag‘lubiyatga uchrashdi. Feyk nashrlar buni sizga aytmaydi, ammo harbiy nuqtayi nazardan… Flot… 159 kema – va ular barchasi hozir suv ostida yotibdi».
Bir hafta oldin Tramp amerikalik harbiylar Eronning 159 ta kemasini cho‘ktirib yuborgani haqida gapirgandi, kontekstdan kelib chiqib aytish mumkinki, AQSh prezidenti Ukrainaning emas, Eronning harbiy mag‘lubiyati haqida gapirmoqchi bo‘lgan.
Trampning matbuot anjumanidan keyin Ukraina mudofaa kuchlari zobiti – Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko ham bunga e’tibor qaratdi. «Tramp „cho‘kitrib yuborilgan 159 ta kema“ va harbiy mag‘lubiyat haqida gapirganida Ukraina va Eronni adashtirib yubordi. Bunga aniqlik kiritish muhim», – degan Kovalenko.
CNN telekompaniyasi ham Tramp harbiy mag‘lubiyat haqida gapirganida katta ehtimol bilan mamlakat nomini xato aytganini qayd etgan.
Oq uy hozircha Trampning bu so‘zlari yuzasidan qo‘shimcha izoh bermadi.
Rossiya o‘tgan safar 2026 yil 11 aprel kuni soat 16:00 dan 12 aprel kuni oxiriga qadar Pasxa sulhi e’lon qilgandi.
Bu bayonotga qaramay, Ukraina hukumati birinchi kechadayoq Rossiya tomonidan otashkesimni buzish bilan bog‘liq yuzlab holatlar haqida xabar bergan. Rossiya ham Ukrainani sulhni buzishda ayblagan.
Rossiya tomoni o‘shanda Pasxa sulhini uzaytirishdan bosh tortgandi.
Bir yil oldin, 2025 yil 9 may kuni ham Vladimir Putin sulh e’lon qilgandi, o‘shanda ham tomonlar bir-birini otashkesimga amal qilmaslikda ayblagandi.
Putin va Tramp Eron haqida gaplashgan
Ushakov suhbat chog‘ida Putin «Eron yadroviy dasturi atrofidagi kelishmovchiliklarni hal qilishga qaratilgan bir qator mulohazalar»ni taklif qilganini ham aytdi. Shu bilan birga, aynan qanday takliflar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Tramp bu takliflarni quyidagicha ta’rifladi: «U menga agar bizga uni olishda yordam bera olsa, boyitish ishlarida ishtirok etishni xohlashini aytdi [katta ehtimol bilan, G‘arb davlatlari yadroviy qurol ishlab chiqish dasturining bir qismi deb hisoblaydigan Erondagi boyitilgan uran muammosi nazarda tutilmoqda]. Men unga „Ukraina bilan urushni tugatishda ishtirok etishingni afzal ko‘rgan bo‘lardim“ dedim», – degan Tramp.
Avvalroq Rossiya Eronning boyitilgan uranini o‘z hududida qabul qilishga tayyorligini bildirgandi. Ammo Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Moskvaning bunday taklifini rad etgan.