Jahon | 18:04
3390
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Boltiqbo‘yidagi neft obektlariga zarba berdi

Primorsk portiga hujum oqibatida yong‘in chiqqan.

Foto: NASA

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududidagi neft infratuzilmalariga hujum uyushtirishda davom etmoqda. Tuapse va Perm bo‘ylab ketma-ket zarbalar berilish ortidan Ukraina dronlari yana Primorskka uchib keldi – bu Rossiyaning Boltiqbo‘yi dengizidagi eng yirik neft quyish portlaridan biri sanaladi.

3 mayga o‘tar kechasi Leningrad oblasti dronlarning yopirilma hujumi ostida qoldi, havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning 60 dan ortiq dronini urib tushirdi, deb xabar bergan region rahbari Aleksandr Drozdenko.

«Hujumning asosiy nishoni Primorsk dengiz savdo porti bo‘ldi. Hujumlarni qaytarish vaqtida Primorskda yong‘in chiqdi, hozirda yong‘in oqibatlari bartaraf etilgan. Neft mahsulotlarining to‘kilishi qayd etilmagan», – deya yozgan gubernator o‘z telegram-kanalida.

Leningrad oblasti uzra uchayotgan dron
Exilenova+

Yong‘inlarni qayd etuvchi FIRMS monitoring xizmatiga ko‘ra, Primorsk portida yong‘in davom etmoqda.

«Astra» nashri portda neft quyuvchi prichal hamda havo hujumidan mudofaa kompleksi (katta ehtimol bilan, «Pansir») zarbaga uchraganini yozgan.

Guvohlar «Rotonda» va «Fontanka» nashrlariga Primorskka tungi hujum oqibatlari Peterburgda ham sezilganini aytishgan. Mahalliy aholi vakillari kuchli portlash ovozlarini eshitishgan (katta ehtimol bilan, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlashi oqibatida chiqqan ovozlar), shuningdek, mobil internet o‘chirilganidan shikoyat qilishgan. Hujum tufayli tunda Pulkovo aeroporti faoliyati to‘xtatilgan, bu esa o‘nlab reyslar bekor qilinishi yoki kechiktirilishiga olib kelgan.

RF mudofaa vazirligi hisobotiga ko‘ra, tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiyaning 15 ta regioni hamda anneksiya qilingan Qrim osmonida Ukrainaning 334 ta dronini urib tushirgan. Moskva oblastida dronlar hujumi oqibatida 77 yoshli kishi halok bo‘lgan. Smolensk oblastida dron parchalari qulashi oqibatida uch kishi jarohat olgan. 

Ukraina mart oyi oxiridan Rossiyaning Boltiqbo‘yi dengizidagi asosiy portlari – Ust-Luga va Primorskka hujum qilishga kirishgandi. Bu portlar Rossiya g‘arbidagi neft eksporti uchun muhim dengiz tugunlari hisoblanadi. Primorsk kuniga bir million barreldan ortiq yuk ortish quvvatiga ega va Rossiyaning Urals neftini sotishning muhim nuqtasi hisoblanadi. 2025 yilda Primorsk orqali qariyb 64 million tonna yuk o‘tkazilgan. Hujumlar fonida Ust-Luga va Primorsk o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Gubernator Aleksandr Drozdenko Leningrad oblasti frontga yaqin hududga aylanganini ma’lum qilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid