O‘zbekiston | 20:48 / 06.05.2026
2527
3 daqiqa o‘qiladi

5 kunda 40 ta holat: bolalar buyum emas

1-5 may kunlari respublika bo‘yicha bolalarni tashish bilan bog‘liq 40 qoidabuzarlik holati aniqlangan. YHXX aybdorlarga ma’muriy jazo qo‘llanganini bildirdi. Ota-onalarning o‘z farzandlari xavfsizligiga nisbatan e’tiborsizligi ta’lim va mahalla tizimida ham targ‘ibot zarurligini ko‘rsatmoqda.

Foto: YHXX

Hududlarda yo‘lovchi tashish qoidalarini buzish bilan bog‘liq aniqlanayotgan holatlar asosan bolalarga aloqador. Bu haqda Kun.uz’ga YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-5 may kunlari respublikada YPX xodimlari tomonidan bolalarni tashish bilan bog‘liq 40 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ularning barchasida haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, tegishli choralar ko‘rilgan.

“Damas’ga 32 nafar, Spark’ka 18 nafar yoki Matiz’ga 14 nafar bolani xo‘jalik buyumini ortganday mindirib, tashish holatlarini ko‘ryapmiz. Bu asosan xususiy bog‘chalar mas’ullari qo‘shimcha daromad olish maqsadida bolalarni uylariga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan holatlarda uchrayapti. Biroq voyaga yetmaganlarni tashishda qoidalar qo‘pol ravishda buzilmoqda, ularning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan holatlar ham bor”, deydi Zoyir Yo‘ldoshev. 

Kuzatilayotgan holatlarda ota-onalar negadir o‘z farzandlarining xavfsizligiga nisbatan e’tiborsiz bo‘lishgan. Ya’ni ular bolalar ustma-ust tiqilgan mashinaga o‘z farzandini hech bir e’tirozsiz mindirib yuboraverishgan. Bu muammoga qarshi choralar ko‘rishda ta’lim va mahalla tizimida ham targ‘ibot ishlari olib borish zarurati borligini ko‘rsatmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 5 may kuni Navoiy viloyatining Nurota tumanida 14 nafar bolani (13 nafari bog‘cha bolasi, biri chaqaloq) tashib ketayotgan Matiz YTHga uchradi. Oqibatda mashinani boshqargan ayol vafot etdi, bolalar esa turli darajada tan jarohati oldi.

YHXX holatga munosabat bildirib, mashina haydovchining tajribasizligi va chalg‘ishi oqibatida yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilganini ma’lum qildi. Nurota tumani hokimligiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi esa holat yuzasidan ishchi guruh tashkil etilganini bildirdi.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid