Jahon | 09:52
3933
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi «Ozodlik loyihasi» to‘xtatilishini ma’lum qildi

Oq uy rahbari bu qaror «ulkan harbiy muvaffaqiyatlar» va Eron bilan tinchlik kelishuviga erishishda «sezilarli yutuq» tufayli qabul qilinganini yozdi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Fors ko‘rfazida qolib ketgan kemalarni olib chiqish maqsadida boshlangan amaliyot Tehron bilan tinchlik bitimi tuzish imkoniyatini baholash uchun «qisqa muddat»ga to‘xtatilishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kuni boshlangan «Ozodlik loyihasi» muzokaralarda vositachilik rolini bajarayotgan Pokiston hukumati iltimosi bilan to‘xtatilmoqda.

Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bu qaror «ulkan harbiy muvaffaqiyatlar» hamda Eron bilan tinchlik kelishuviga erishishdagi «sezilarli yutuqlar» tufayli qabul qilingan.

«Blokada o‘z kuchida qolishi barobarida, „Ozodlik loyihasi“ (kemalarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tkazish) kelishuvga erishish va bitim imzolash imkoniyati bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun qisqa muddatga to‘xtatiladi», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Trampning bayonoti fonida chorshanba kuni Osiyoda savdolar ochilishida neft narxi biroz pastladi.

Eron davlat ommaviy axborot vositalari bu holat Trampning jahon kemachiligi uchun muhim bo‘lgan suv yo‘lini blokirovkadan chiqarishga urinishlarida «bir qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng ortga chekingani»ni ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Trampning bayonoti AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Oq uyda o‘tkazilgan brifingda fevral oyi oxirida boshlangan «Epik g‘azab» operatsiyasi o‘z maqsadlariga erishganini va Vashington keyingi bosqichga, ya’ni «Ozodlik loyihasi»ga o‘tayotganini aytganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilindi.

«Biz tinchlik yo‘lini afzal ko‘rgan bo‘lardik. Prezident kelishuv tuzishni afzal ko‘radi», – dedi Davlat departamenti rahbari 5 may kuni kechqurun.

Loyiha haqida gapirar ekan, Rubio uning faqat mudofaa xarakteriga ega ekanini ta’kidladi. «Bizga birinchi bo‘lib o‘q uzilmaguncha otishma bo‘lmaydi», – deb qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq AQSh markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) savdo kemalariga hamrohlik qilish amaliyotiga esminetslar, samolyotlar va 15 ming nafar harbiy xizmatchi jalb qilinganini ma’lum qilgandi.

Birlashgan shtablar qo‘mitasi boshlig‘i, general Den Keyn seshanba kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, Fors ko‘rfazida bortida taxminan 22,5 ming dengizchi bo‘lgan 1 500 dan ortiq kema bloklanib qolgan.

Vashingtonning bayonoti Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi bir qator hujumlar fonida yangradi – bu sulh buzilishi xavfi ostida ekani haqidagi xavotirlarni keltirib chiqargandi. AQSh tomoni Fors ko‘rfazida qolib ketgan kemalarni olib chiqish maqsadida ekanini bildirgan.

Dushanba kuni Tramp agar Eron operatsiyada ishtirok etayotgan Amerika kemalariga hujum qilishga urinsa, ushbu mamlakat «yer yuzidan yo‘q qilinishi» bilan tahdid qildi.

Tehron AQShning so‘nggi bayonotlari yuzasidan hozircha izoh bermadi, biroq Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof seshanba kuni AQSh va ittifoqchilari «o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish va Eronga qarshi blokada o‘rnatish» orqali bo‘g‘ozdagi kemalar xavfsizligini xavf ostiga qo‘yganini aytdi.

«Ammo ular o‘z yovuzligi bilan muvaffaqiyatga erisha olmaydi», – degan u.

Seshanba kuni kechqurun Buyuk Britaniya dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi (UKMTO) manbalarga tayanib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuk kemasiga «noma’lum snaryad» kelib urilgani haqida xabar berdi. Hodisa haqida hozircha batafsil ma’lumot yo‘q.

Seshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari havo hujumidan mudofaa tizimlari ketma-ket ikkinchi kun Eron raketalari va dronlari hujumlarini qaytarganini ma’lum qildi va buni xavfli eskalatsiya deb atadi. Eron BAAga zarba berganini rad etmoqda.

«Epik g‘azab» amaliyoti 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga havo hujumlari uyushtirishi orqali boshlangan edi. Tehron o‘shanda urushdan oldin jahonda tashiladigan neft va suyultirilgan gazning qariyb 20 foizi olib o‘tiladigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid