O‘zbekiston | 18:16
5473
4 daqiqa o‘qiladi

Sanjar Karimov 5 yilga qamaldi

U firibgarlik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalarini tayyorlash va saqlash bo‘yicha aybdor deb topildi.

Foto: Kun.uz

8 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida fuqaro Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan sud muhokamalari yakuniga yetdi.

Sud hukmi bilan Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Shuningdek, unga BHMning 410 baravari (168 mln 920 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi. 

Jazolar alohida-alohida ijroga qaratilishi belgilandi.

Shuningdek, hukmda jabrlanuvchi Sh. A.ga yetkazilgan moddiy zarar qoplangani e’tirof etildi. Bundan tashqari, jabrlanuvchi Sh. A. va F. R.ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat etish huquqlari tushuntirildi.

Hukmdan norozi taraflar tegishli tartibda yuqori sud instansiyasiga shikoyat qilish huquqiga egaligi qayd etilgan.

Qochoq «kuyov» ishi

35 yoshli Sanjar Karimov mashhur avtobloger bo‘lib, uning Instagram sahifasida 500 mingga yaqin obunachi bor. 2024 yil noyabr oyida u 4 million dollarlik villasi va 35 ta mashinadan iborat avtoparki borligini aytgan edi.

U voqeasi keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan aldangan toshkentlik Jamila Alimbayeva ishi bo‘yicha guvoh sifatida qatnashgan.

O‘tgan yil oktyabr oyida Alimbayeva instagramdagi sahifasida o‘zi va oilasi firibgarlik qurboni bo‘lganini ma’lum qilgandi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi bo‘lajak kuyov bilan o‘tirib suhbatlashgan, yigit to‘yni vaqtincha to‘xtatib turishni, boshqa chorasi yo‘qligini aytgan. Bunga javoban kelinning otasi to‘y uchun hamma hozirliklar ko‘rib qo‘yilganini, sarf-xarajatlar bo‘lganini, to‘xtatib bo‘lmasligini bildirgan. Keyin Shahzod Rismatov pul bilan muammosi borligini aytib, uylarini 12 kun garovga qo‘yib turishga ruxsat so‘ragan. Jamilaning ota-onasi bunga rozilik bildirgan.

Jamila Olimboyevaga ko‘ra, bu voqeadan 1-2 kun o‘tib, ota-onasi, Shahzod va uning bir o‘rtog‘i notariusga borishgan. U yerga keyin Sanjar Karimov ham kelgan. Olimboyeva va ota-onasi notariusda imzo qo‘yayotgan hujjatlari garov emas, oldi-sotdi shartnomasi ekanini ko‘rishgan. Ammo Shahzod ularni hujjatga tezroq imzo qo‘yishga undagan. Shu tariqa, uy rasmiy ravishda oldi-sotdi shartnomasi bilan Sanjar Karimov nomiga o‘tgan. Jamilaning aytishicha, ular notariusda ham, undan keyin ham qo‘llariga pul olishmagan.

Karimovning o‘zi uyni barcha oila a’zolarining ixtiyoriy roziligi bilan rasman 240 ming dollarga sotib olganini aytgan. Rismatovga nisbatan firibgarlikning bir nechta epizodlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga yuborilgan va u 21 noyabr kuni 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jabrlanuvchi Aliboyevlar oilasi advokatlari Shahzod Rismatov ishi bo‘yicha ko‘rsatmalarda ishtirok etayotgan bloger Sanjar Karimovning harakatlariga huquqiy baho berishni talab qildi. Sudya iltimosnomani qanoatlantirib, prokurorni xabardor qilishga qaror qildi. Shundan keyin, 2025 yil 28 noyabr kuni Sanjar Karimov qamoqqa olindi va unga nisbatan qator moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yildi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid