O‘zbekiston | 20:04
2581
4 daqiqa o‘qiladi

Aliment miqdorining oshirilishi va kurash musobaqasida qotillik – mahalliy dayjest

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘tkazilgan milliy kurash musobaqasida mudhish qotillik yuz berdi. Rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun aliment hisob-kitob miqdori oshirildi. Buxoroda mast holatda avtobus haydab, 40 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgan haydovchi jazolandi. Navoiyda kuyovini o‘ldirish uchun killer yollagan ayol ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Denovdagi kurash musobaqasi qotillik bilan yakunlandi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘tkazilgan milliy kurash musobaqasida mudhish qotillik yuz berdi. Musobaqa davomida kelib chiqqan nizo oqibatida vohaning taniqli polvonlaridan biri Nizomiddin Cho‘tboyev hayotdan ko‘z yumdi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, davrada Nizomiddin polvonning o‘g‘li Ayubxon Xurramov raqibi Bo‘stonbek Jabborovni kurash musobaqasida yenggan. Ta’kidlanishicha, ukasining mag‘lubiyatidan g‘azablangan Doston Jabborov Nizomiddin polvonning orqa tomonidan kelib, bir necha bor unga pichoq bilan zarba bergan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l» bandi (bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlar uchun aliment miqdori oshdi

Rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun aliment hisob-kitob miqdori oshdi. Bu respublikada o‘rtacha oylik ish haqi ko‘tarilgani bilan bog‘liq.

Endi rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlar quyidagicha aliment to‘laydi:

- bir bola uchun — 1,7 million so‘m (avval 1,4 million so‘m);

- ikki farzand uchun — 2,3 million so‘m (avval 1,9 million so‘m);

- uch va undan ortiq bolalar uchun — 3,4 million so‘m (avval 2,9 million so‘m).

Ma’lumot uchun, Oila kodeksida rasmiy daromadga ega fuqarolar (norasmiy ishlovchilar ham) alimentni o‘z oylik maoshidan kelib chiqib to‘lashi belgilangan. Bunda bir bola uchun — ish haqining to‘rtdan bir qismi; ikki farzand uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmi undiriladi.

O‘z navbatida sud tomonlarning moddiy va oilaviy ahvolidan kelib chiqib, aliment miqdorini kamaytirishi yoki oshirishi ham mumkin.

Mast holda 40 bolani tashigan avtobus haydovchisi jazolandi

Buxoro viloyatida mast holatda avtobus haydab, 40 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgan haydovchi aniqlandi.

Hodisa 28 aprel kuni Romitan tumanida yuz bergan. YPX xodimlari Isuzu rusumli avtobusni to‘xtatib, tekshirgan. Jarayonda haydovchining mastligi va 40 nafar bog‘cha bolasini tashiyotgani aniqlangan.

Oqibatda haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning uchta moddasidagi tegishli qismlarga asosan javobgarlikka tortilgan. Jumladan, uch yil muddatga barcha turdagi avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan. Bazaviy hisoblash miqdorining 40 barobar miqdorida (16 million 480 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Navoiyda kuyovini o‘ldirish uchun killer yollagan ayol ushlandi

Navoiy viloyati, Zarafshon shahrida 54 yoshli ayol kuyovining «aqlini kiritib qo‘yish», keyinchalik uni o‘ldirish uchun 40 mln so‘m evaziga o‘ziga tanish bo‘lgan ikki yigitni yollagan.

Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari suiqasd sahnasini tashkil etib, videotasmalarga muhrlab, ijtimoiy tarmoq orqali ayolga jo‘natgan. Ayol esa videoni xursandchilik bilan qabul qilib, suiqasd buyurtmasi uchun kelishilgan 40 million so‘m puldan 2 million 300 ming so‘m pulni yollangan shaxslarning kartasiga o‘tkazgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid