Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘cha nazoratchisiga aylanayotgan o‘qituvchilar va Andijonda o‘quvchilar fojiasi - mahalliy dayjest
Prezident energiya tejamkor qurilish materiallariga o‘tishni tavsiya qildi. Samarqand viloyati hokimi o‘qituvchilarni ko‘cha nazoratchisi qilishni buyurdi. Andijonda «Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar «avariya»ga uchradi. Toshkentda yong‘inga qarshi alohida rejim joriy qilindi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident energiya tejamkor qurilish materiallariga o‘tishni tavsiya qildi
Shavkat Mirziyoyev energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng foydalanishni uy-joy qurilishidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladi.
Qayd qilinishicha, mamlakatda har yili o‘rtacha 65 mingta yakka tartibdagi uy-joy qurilmoqda va 200–250 ming xonadon ta’mirlanmoqda. Davlat rahbari aholi orasida energiya tejamkor qurilish materiallarining afzalliklari haqidagi tushunchalarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda xonadonlarni isitish uchun iqtisodiyotda iste’mol qilinayotgan tabiiy gazning 20 foizi va elektr energiyasining 11 foizi sarflanadi. Agar uylarning fasadi va tom qismi issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplanib, energiya tejamkor oynalar o‘rnatilsa, energiya sarfini 30 foizgacha kamaytirish mumkin.
Yig‘ilishda Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangi loyihalash yondashuvi asosida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 4 ming xonadonli «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilayotgani ta’kidlandi. Prezident viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasini o‘rganishni va aynan shu yondashuv asosida qurishni ta’minlash vazifasini yukladi.
Samarqand viloyati hokimi o‘qituvchilarni ko‘cha nazoratchisi qilishni buyurdi
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Samarqand shahridagi ko‘chalarni obod saqlab turish ishlariga oliy ta’limdagi o‘qituvchilarni ham jalb qilish haqida topshiriq berdi. Bu haqda u rektorlar bilan bo‘lgan uchrashuvda aytdi.
«Hamma oliy ta’lim muassasasiga bittadan, ikkitadan, uchtadan (kilometriga, katta-kichikligiga qarab, sohasiga qarab) ko‘cha beramiz... Har kuni ertalab bir o‘qituvchi shunday aylanib keladi o‘sha ko‘chani. Piyoda yuradi – foydasi ham bor sog‘liqqa. Qani, [ko‘radi, ko‘chaning] tozaligi qanaqa, odamlar nimada qiynalyapti, qayerda trotuar sinib ketgan, qayerda qaysi ko‘chat quriyapti yoki qaysi ko‘chat gurkirab rivojlanmayapti yoki qaysidir ko‘chatga kasallik kelib qolgan?..»
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, Samarqand shahri ko‘chalarini oliygohlarga biriktirish tashabbusi «ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yangicha yondashuvni joriy etishga xizmat qiladi».
Eslatib o‘tamiz, «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi.
«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar «avariya»ga uchradi
Andijon viloyatida «Andijon polkasi» tadbiriga yo‘l olgan maktab o‘quvchilari yo‘l-transport hodisasiga uchradi, ulardan biri vafot etdi. Ma’lum bo‘lishicha, fojia Asaka tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari bilan ro‘y bergan. Holat yuzasidan izoh bergan Andijon viloyati YHXB axborot xizmati maktab o‘quvchilarini o‘zboshimchalikda aybladi.
«Asaka tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Andijon shahrida o‘tkaziladigan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun borib-keladigan o‘quvchilarga alohida avtobus ajratilgan. Ammo bir guruh o‘quvchi o‘zboshimchalik bilan Damas avtomobilida ketgan. Yo‘lda avtomobil ZIL yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. O‘quvchilar shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ulardan biri vafot etgan. Qolgan o‘quvchilarning holati yaxshi», deyiladi ma’lumotda.
Holat yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchilari surishtiruv olib borayotgani qo‘shimcha qilindi.
Toshkentda yong‘inga qarshi alohida rejim joriy qilindi
Toshkent shahrida 15 sentabrgacha yong‘inga qarshi alohida rejim joriy etildi. Uning doirasida bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlarida taom tayyorlash maqsadida maishiy suyultirilgan gazballonidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh, AGTKSh, AGKSh) qonuniy tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Mahallalardagi ichki ko‘cha, ko‘p qavatli uy va obekt hududida maxsus avtotransport vositalarining (yong‘in-qutqaruv, tez tibbiy yordam va h.k.) erkin harakatlanishini cheklab qo‘ygan sun’iy to‘siq — shlagbaum va shu kabi boshqa g‘ovlarni aniqlash hamda noqonuniy qurilmalarni belgilangan tartibda bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Uylardagi umumiy elektr tarqatish qutilarida nominal tok kuchidan yuqori bo‘lgan himoya avtomatlari va qo‘lbola saqlagichlardan foydalanish holatiga butunlay barham beriladi. Shahar hududida nosoz holatdagi yong‘inga qarshi gidrantlar va suv hovuzlari to‘liq aniqlanib, zudlik bilan ta’mirlanadi.
Mavzuga oid
19:11 / 26.06.2026
Tibbiyotga yo‘naltirilgan Gulnora Karimova aktivlari va shubhali xaridorlar reyestri - mahalliy dayjest
19:13 / 24.06.2026
Oshirilayotgan oylik va pensiyalar, shuningdek, bank sirini olishga intilayotgan soliqchilar - mahalliy dayjest
18:15 / 23.06.2026
Biznes uchun yagona QR-kod va korrupsionerlarga cheklovlar - mahalliy dayjest
19:45 / 22.06.2026