O‘zbekiston | 19:11
2165
5 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyotga yo‘naltirilgan Gulnora Karimova aktivlari va shubhali xaridorlar reyestri - mahalliy dayjest

Gulnora Karimovaning Shveytsariyada musodara qilingan 43,5 mln dollar aktivlari tibbiyotga yo‘naltirildi. Soliq qo‘mitasi 123 mingdan ortiq fuqaroni shubhali xaridorlar reyestriga kiritdi. Saratonga qarshi kurashish milliy dasturi 1 yanvardan ishga tushiriladi. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab esdalik nishoni ta’sis etildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Gulnora Karimovaning Shveytsariyada musodara qilingan 43,5 mln dollar aktivlari tibbiyotga yo‘naltirildi

O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi doirasida “Ishonch” jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilgan ilk sog‘liqni saqlash dasturi yakunlandi. Loyiha doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish uchun 43,5 million AQSh dollari yo‘naltirildi.

“Ishonch” jamg‘armasi O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning noqonuniy aktivlarini O‘zbekiston aholisi manfaatlari yo‘lida shaffof va hisobdorlik tamoyillari asosida sarflashni nazarda tutadi.

2023 yil sentabr oyida boshlangan “Har bir ona va bola yashaydi hamda rivojlanadi: O‘zbekistondagi perinatal markazlarda onalar va bolalar o‘limini qisqartirish” dasturi doirasida 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Xususan, qariyb 31 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ evaziga inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, anesteziya tizimlari va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilinib, hududlardagi perinatal markazlarga yetkazildi.

123 mingdan ortiq fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritildi

May oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum bir haq evaziga uchinchi shaxslardan soxta xarid cheki olgan, haqiqatda kirim qilinmagan yoki xarid qilinmagan tovar uchun xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan 123 mingdan ortiq fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritildi.

Soliq qo‘mitasi xabarida ta’kidlanishicha, bunday soxta xarid chekini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish qonunga xilof hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Agar tovar yoki xizmat sotib olingan tadbirkor soliq hisobotini taqdim etmasa yoki unda kamchiliklar mavjud bo‘lsa yoxud soliq qarzi to‘lanmagan bo‘lsa, keshbek shu kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin avtomatik ravishda tasdiqlanadi.

Saratonga qarshi kurashish milliy dasturi 1 yanvardan ishga tushiriladi

«Saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan aholini eng ko‘p uchraydigan (bachadon bo‘yni, ko‘krak bezi, yo‘g‘on ichak, oshqozon, prostata bezi va o‘pka) saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan qamrab olish ko‘rsatkichini kamida 60 foizga yetkazish saraton kasalliklariga qarshi kurashishning asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilandi.

2027 yil 1 yanvardan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Saratonga qarshi kurashish milliy dasturi (Dastur) asosida aholi o‘rtasida oshqozon, yo‘g‘on ichak (kolorektal), o‘pka va prostata bezi saratoni kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olish chora-tadbirlari hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab esdalik nishoni ta’sis etildi

Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni ta’sis etildi.

Farmonda ta’kidlanishicha, ushbu nishon mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiy qudrati va salohiyati, jahon maydonidagi nufuzini oshirishga hissa qo‘shayotgan, ko‘p yillik fidokorona mehnati, yuksak kasbiy mahorati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan vatandoshlarni munosib taqdirlash maqsadida ta’sis etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari hamda ularning guvohnomalarini belgilangan tartibda tayyorlash vazifasi yuklandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid