O‘zbekiston | 08:47
1138
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya o‘zbekistonliklar uchun yangi ish o‘rinlari ochmoqchi

Avstriya qishloq xo‘jaligi sohasiga O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb qilish va ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlarini muhokama qildi. Ayniqsa, meva-sabzavotchilik, mahsulotlarni qayta ishlash hamda vinochilik sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi.

Foto: Dunyo

Vena shahrida O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov Avstriyaning Burgenland federal o‘lkasi Qishloq xo‘jaligi palatasi prezidenti Nikolaus Berlakovich hamda LANSKY, GANZGER, GOETH + Partner xalqaro yuridik firmasi vakili Klaus Vyolfer bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida Avstriya qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga o‘zbekistonlik malakali ishchilarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zbek mutaxassislari uchun yangi ish imkoniyatlarini yaratish va mehnat hamkorligini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

Nikolaus Berlakovich Avstriya ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonda sut mahsulotlari ishlab chiqarish tajribasini o‘rganish, xususan, Avstriyadan olib kelingan qoramollarni parvarishlash va ko‘paytirish usullariga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar agrar sohada hamkorlikni yanada kuchaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va ularni Avstriya qishloq xo‘jaligi tizimiga jalb qilish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid