Jahon | 09:39
1200
3 daqiqa o‘qiladi

Jahonda neft tanqisligi bir milliard barrelga yetdi

Saudi Aramco kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eron bilan urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining blokada qilinishi oqibatida jahon neft bozorida qariyb 1 milliard barrel neft tanqisligi yuzaga kelgan.

Foto: REUTERS

Bu haqda 10 may kuni Reuters xabar berdi.

Saudi Aramco rahbari Amin Naserning ta’kidlashicha, hatto Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilib, neft yetkazib berish tiklangan taqdirda ham bozor va narxlarni barqarorlashtirish uchun vaqt talab etiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eron bilan urushiga qo‘shimcha ravishda, neft sohasiga yillar davomida yetarli sarmoya kiritilmagani ham bozordagi bosimni kuchaytirgan. Bu esa allaqachon past darajaga tushib qolgan jahon neft zaxiralariga yanada og‘ir ta’sir ko‘rsatmoqda.

Reuters yozishicha, jahondagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri bo‘lgan Saudi Aramco’ning 2026 yil birinchi choragidagi sof foydasi 25 foizga oshib, 32,5 milliard dollarga yetgan. Kompaniya hissasiga jahon neft zaxiralarining taxminan 12 foizi to‘g‘ri keladi.

Amin Naserning aytishicha, kompaniya Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini chetlab o‘tish uchun o‘z neft quvuridan foydalanmoqda.

Ushbu quvur Fors ko‘rfazining sharqiy sohilidan Qizil dengizgacha kuniga 7 million barrelgacha xom neft tashish imkoniga ega.

Avvalroq Financial Times S&P Global Energy va Goldman Sachs tahlilchilari ma’lumotlariga tayanib, 2026 yil apreli yakunlariga ko‘ra jahon neft zaxiralari rekord darajada — 200 million barrelga kamayganini xabar qilgan edi.

S&P hisob-kitoblariga ko‘ra, aprel oyida neft hajmi kuniga 6,6 million barrelga qisqargan. Bu talab pasayganiga qaramay kuzatilgan.

Neftga bo‘lgan talab esa kuniga 5 million barrelga tushib ketgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng katta pasayish hisoblanadi. Bundan ham kattaroq tushish faqat koronavirus pandemiyasi davrida qayd etilgan.

Mutaxassislar fikricha, bozor hali neft zaxiralari qisqarishining rekord sur’atlariga to‘liq reaksiya bildirmagan. Shu sababli neft narxlarining asosiy o‘sishi hali oldinda bo‘lishi mumkin.

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyoda qazib olingan, ammo hali qayta ishlanmagan umumiy xom neft zaxirasi taxminan 4 milliard barrelni tashkil etadi. Biroq ushbu hajmning katta qismi neftni qayta ishlash zavodlari va quvur tizimlarining kundalik ishini ta’minlash uchun doimiy ravishda foydalaniladi.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid