O‘zbekiston | 10:45
941
2 daqiqa o‘qiladi

Fermerlar uchun dizel yonilg‘isi bo‘yicha subsidiya joriy etildi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida dizel yonilg‘isi xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi joriy etildi. Yangi tartibga ko‘ra, fermerlar birja orqali sotib olgan dizel yonilg‘isi uchun davlat tomonidan subsidiya olishi mumkin.

Prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan 1 iyulgacha qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yonilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.

Bunda subsidiya miqdori har bir tonna uchun 2 million so‘mdan oshmasligi belgilangan. Mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali ajratiladi.

Shuningdek, farmon bilan 2026 yil 1 sentabrdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ayrim subsidiya ajratish vakolatlari ham Agentlikka o‘tkazilishi belgilandi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga o‘z mablag‘lari va tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotishda elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplab berish vakolati agentlikka beriladi.

Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi ham joriy etiladi.

Mazkur choralar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini kamaytirish va sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid