Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronning 70 foiz raketa arsenali saqlanib qolgan - NYT
The New York Times nashrining yozishicha, AQSh razvedka ma’lumotlari Eron o‘zining harbiy salohiyatining katta qismini saqlab qolganini ko‘rsatmoqda. Bu ma’lumotlar AQSh prezidenti Donald Tramp hamda uning ma’muriyatining Eron harbiy jihatdan “batamom tor-mor etilgani” haqidagi bayonotlariga zid keladi.
Foto: REUTERS
Nashrning 12 may kuni xabar berishicha, Eron mamlakat hududidagi mobil raketa uchirish qurilmalarining taxminan 70 foizini hamda urushdan oldingi raketa zaxiralarining 70 foizini saqlab qolgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu arsenalga mintaqa davlatlariga zarba berish imkoniga ega ballistik raketalar, shuningdek qisqa masofada yer usti va dengiz nishonlariga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qanotli raketalar ham kiradi.
Nashrga ko‘ra, eng katta xavotirlardan biri — Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashtirilgan 33 ta raketa kompleksidan 30 tasini qayta jangovar holatga keltirganidir.
Mutaxassislar fikricha, ushbu komplekslar Amerika harbiy kemalari hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi neft tankerlari uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Shuningdek, harbiy razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va boshqa manbalar Eron mamlakat bo‘ylab joylashgan yerosti raketa omborlari va uchirish qurilmalarining taxminan 90 foiziga qayta kirish imkonini tiklaganini ko‘rsatmoqda.
Hozirda ular “qisman yoki to‘liq jangovar tayyor” deb baholanmoqda.
Bunga o‘xshash ma’lumotlarni avvalroq The Washington Post ham e’lon qilgan edi. Nashr AQSh razvedkasiga tayanib, Eron mobil raketa qurilmalarining 75 foizini va raketa arsenalining 70 foizini tiklaganini xabar qilgan.
NYT ta’kidlashicha, yangi razvedka ma’lumotlari Tramp va uning harbiy maslahatchilari AQSh qurolli kuchlari Eron raketa obektlariga yetkazgan zararni ortiqcha baholaganini ko‘rsatadi.
“Yangi razvedka ma’lumotlari Donald Tramp va uning harbiy maslahatchilari Amerika qurolli kuchlari Eronning raketa obektlariga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararni oshirib ko‘rsatganini hamda Eronning chidamliligi va tiklanish qobiliyatini yetarlicha baholamaganini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi maqolada.
Tramp esa 12 may kuni o‘zining Truth Social platformasida Eron bilan bog‘liq urushni yoritish bo‘yicha OAVni tanqid qildi.
U Oq uy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamagan materiallarni “deyarli xiyonat” deb atab, bunday publikatsiyalar dushman tomonini qo‘llayotganini aytdi.
NYT ma’lumotiga ko‘ra, AQSh armiyasi muhim o‘q-dorilarning ko‘p qismini sarflab bo‘lgan. Ular qatorida: Tomahawk qanotli raketalari, Patriot havo mudofaa tizimi raketalari; Precision Strike va ATACMS yerdan uchiriladigan raketalari bor.
Nashrning yozishicha, agar Tramp Eronning harbiy salohiyatini yanada zaiflashtirish uchun qo‘shimcha zarbalar berish buyrug‘ini bersa, AQSh yanada ko‘proq muhim o‘q-dorilarni sarflashga majbur bo‘ladi.
Bu esa Pentagon va yirik qurol ishlab chiqaruvchilar zaxiralarni to‘ldirishda qiynalayotgan bir paytda AQSh zaxiralarini yanada qisqartirishi mumkin.
Maqolada aytilishicha, Vashingtonning Yevropa ittifoqchilari ham AQSh qurol zaxiralarining kamayishidan xavotir bildirmoqda.
Chunki Yevropa davlatlari Ukraina uchun milliardlab dollarlik o‘q-dorilarga buyurtma bergan va endi ular o‘z vaqtida yetkazilmasligidan xavotirda.
Oq uy rasmiy vakili Oliviya Uoles NYT ma’lumotlariga munosabat bildirib, Trampning Eron harbiy salohiyati “yakson qilingan” degan fikrini yana takrorladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron hukumati “hozirgi holat barqaror emasligini yaxshi biladi”.
Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell esa AQSh qurolli kuchlarida “o‘z xalqi va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur barcha imkoniyatlar mavjud”ligini bildirdi.