Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Telefon sotib olishdan oldin IMEI kodini tekshiring
O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilganiga ham ancha bo‘lib qoldi. Ammo ko‘pchilik fuqarolar telefon sotib olayotganda bu jihatga e’tibor bermaydi, natijada qurilma keyinchalik bloklanib qolishi mumkin. Ushbu maqolada tizim qanday ishlashi va sotib olishdan oldin nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
IMEI tizimi mobil qurilmalarni aniq identifikatsiya qilish, aloqa xizmatlari barqarorligini ta’minlash, yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan telefonlar bilan bog‘liq jinoyatlarni kamaytirish, kontrafakt mahsulotlar savdosiga chek qo‘yish hamda axborot xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan, shuningdek, mamlakatda ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar majburiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Import qilinayotgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgarlik esa tadbirkorlik sub’yektlari zimmasiga yuklangan.
Bu esa xaridor uchun muhim jihatni anglatadi: O‘zbekiston hududida sotib olinayotgan mobil qurilmaning IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi shart. Aks holda, kelgusida ushbu qurilmadan foydalanishda muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Mutaxassislar telefon xarid qilayotganda uning IMEI kodlarini albatta tekshirishni tavsiya etadi. Buning uchun mobil qurilmada *#06# kombinatsiyasini terish kifoya — ekranda qurilmaning IMEI kodlari paydo bo‘ladi. Ushbu kodlar telefon qutisida ko‘rsatilgan IMEI raqamlari bilan bir xil bo‘lishi kerak.
Shundan so‘ng kodlarning ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini Uzimei tizimi orqali tekshirish mumkin. Buning uchun uzimei.uz yoki my.gov.uz saytlari, Birda mobil ilovasi yoxud 1170 qisqa raqamiga SMS yuborish xizmatidan foydalaniladi.
Agar qurilmaning IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa yoki boshqa qurilma sifatida ya’ni “klon” holatida qayd etilgan bo‘lsa, tizim bu haqda ogohlantiradi. Kelgusida bunday qurilmalar bloklanishi mumkin.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida 37 500 dona mobil qurilma respublika hududiga noqonuniy olib kirilgani aniqlangan. Ayrim holatlarda telefonlar boshqa turdagi qurilma — masalan, soat yoki videoregistrator sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilayotgani ham kuzatilmoqda.
Shu sababli iste’molchilarga mobil telefon xarid qilishda faqat narx yoki tashqi ko‘rinishga emas, balki IMEI kodining qonuniy ro‘yxatdan o‘tganiga ham e’tibor qaratish tavsiya etiladi. Bu kelgusida qurilmaning bloklanishi, aloqa xizmatlaridan foydalana olmaslik yoki boshqa noqulayliklarning oldini oladi.
Mavzuga oid
17:00 / 26.03.2026
O‘zbekistonga chetdan olib kirilgan telefonni IMEI ro‘yxatidan qanday o‘tkazish mumkin?
07:50 / 29.12.2025
O‘zbekiston ham kirgan ro‘yxat: IMEI talab qilinadigan mamlakatlar
12:21 / 11.10.2025
Xorijdan yangi telefon olib kirishda ovoragarchilik biroz kamaydi
14:17 / 07.10.2025