O‘zbekiston | 22:23 / 14.05.2026
690
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyo xotin-qizlar II forumida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi

Tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetakchi ayollar ishtirok etdi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Buxoro shahrida «Ayollarga investitsiya – barqaror o‘sish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusidagi Osiyo xotin-qizlarining II forumi o‘tkazildi.

Tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar, jumladan, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi Ijrochi direktori, Shanxay hamkorlik tashkiloti, xalqaro moliya institutlari vakillari, Osiyo parlamentlarining ayol a’zolari, vakillari hamda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, forumda mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetakchi ayollar, ishbilarmon doiralar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar hamda turli iqtisodiyot tarmoqlari va sohalar vakillaridan iborat qariyb 250 kishi qatnashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Uni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kirish nutqida O‘zbekistonda xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish hamda gender tenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi. O‘tkazilayotgan forum prezidentning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbusining amaliy natijasidir.

Ta’kidlanishicha, Samarqandda o‘tkazilgan birinchi forum bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan. Endi bu maydonni doimiy platformaga aylantirish yo‘lida muhim qadam tashlangani qayd etildi.

So‘zga chiqqanlar bugun hech bir davlat xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirmasdan turib barqaror taraqqiyotga erisha olmasligini ta’kidladi. Shu bois mazkur platforma nafaqat muloqot, balki umumiy yondashuvlar, amaliy hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish maydoniga aylanishi lozim.

Ta’kidlanishicha, bu maydon – global tahdidlarga qarshi kurashda ayollar birdamligining yorqin ifodasidir. Iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik, tengsizlik va turli kamsitishlarga qarshi samarali yechimlarga faqat xotin-qizlarning faol ishtiroki orqali erishish mumkin. Shuning uchun ham turli sohalarning faol ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvini kengaytirish bugungi dolzarb vazifalardan biridir.

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yil ichida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani, bu borada mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Shuningdek, xotin-qizlarning siyosiy jarayonlar va qaror qabul qilish tizimidagi ishtiroki tobora kengayib borayotgani, bugungi kunda O‘zbekiston parlamentda ayollar ulushi bo‘yicha dunyoda 35-o‘rinni egallagani qayd etildi.

Bundan tashqari, xotin-qizlarning ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va tadbirkorlik sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlanib, bugun oliy ta’limda qizlar ulushi 53 foizga, magistraturada esa 65 foizga yetgan. Olimlar orasida esa xotin-qizlar ulushi 60 foizni tashkil etadi. So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda ayol tadbirkorlar soni 3,7 barobarga ko‘payib, 274 mingdan oshgan.

Ushbu forum Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish, ta’lim, tadbirkorlik, innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid