Jahon | 19:00
3863
9 daqiqa o‘qiladi

Tramp Sini «do‘stim» dedi, ammo Xitoydan «quruq qo‘l» bilan qaytdi

Pekin bilan aniq kelishuvlarning yo‘qligi prezident Trampning shaxsiyatga asoslangan tashqi siyosati xavflarini ko‘rsatadi. Natijada sammit – Xitoyning jahon sahnasida o‘sib borayotgan ishonchini va Tramp boshqaruvidagi ma’muriyatning chalkash tashqi siyosatini namoyish etdi.

Tramp va Si payshanba kungi banketda / Foto: New York Times

13-15 may kunlari Pekinga tashrif bilan kelgan AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tashrif yakunida Xitoy Boeing samolyotlarini va Amerika soyasini ko‘proq sotib olishi haqida noaniq kelishuv bor edi, xolos. Bundan tashqari, Eron va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish haqida munozaralar bo‘ldi. Fentanil ishlab chiqarishda ishlatiladigan kimyoviy moddalarga qarshi kurashish kabi boshqa masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ammo, ikki qudratli davlat muzokaralarda – o‘zaro ixtilof manbai bo‘lgan Yaqin Sharq, savdo, Tayvan, yadro qurollarining tarqalishi, sun’iy intellekt yoki boshqa son-sanoqsiz masalalarning birortasi bo‘yicha jiddiy siljishlar qilmadi.

New York Times'ning yozishicha, Tramp, buning o‘rniga Xitoy rahbari bilan shaxsiy aloqa o‘rnatishga — boshqacha diplomatiya turiga moyil bo‘lib ko‘rinmoqda.

Donald Tramp payshanba kuni Pekindagi banketda Sining sharafiga «mening do‘stim» deya qadah ko‘tardi. Juma kuni kameralar qarshisida o‘tirishganida u «haqiqatan ham do‘stga aylangani»ni aytdi.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiysi esa Si Trampni do‘st deb hisoblaydimi yoki yo‘qligi haqidagi savolga qolipdagi rasmiy gap bilan javob berdi: «ikki tomon muhim masalalar bo‘yicha fikr almashdi».

Trampning o‘zi esa Pekindagi sammitni katta muvaffaqiyat sifatida olqishladi va Xitoyning uzoq yillik rahbari bilan shaxsiy aloqa o‘rnatganini alohida ta’kidladi. Biroq Sining vazminroq ohangi va har qanday yirik kelishuvlar bo‘yicha aniqlik yo‘qligi ko‘rinib turgandi, deydi nashr.

Tahlilchilar nima deydi?

Nyu Yorkdagi AQSh-Xitoy munosabatlari markazi vitse-prezidenti Orvil Shel sammitni «juda asossiz va faqat niyatlardan iborat» deb atadi. «Biz bu yerda Trampning ovoz chiqarib xayol surayotganini ko‘rmoqdamiz», deydi u.

Si Hegset bilan salomlashmoqda / Foto: NYT

Bu nomutanosiblik Trampning shaxsiyatga asoslangan tashqi siyosatidagi xavflarni ko‘rsatadi. Ya’ni Tramp dunyo muammolarini hal qilish va Amerika manfaatlarini himoya qilishda – o‘z jozibasi hamda iroda kuchiga ishonib harakat qilmoqda. Ammo, bu hafta AQSh prezidenti – Sining siymosida Trampning maqtov va dabdabaga bo‘lgan xohishini juda yaxshi tushunadigan va bundan foydalana oladigan hamkasbiga duch keldi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, buning natijasida sammit – Xitoyning jahon sahnasida o‘sib borayotgan ishonchini va Tramp boshqaruvidagi AQShning chalkash tashqi siyosatini namoyish etdi.

Yetakchilar o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayniqsa Xitoy kabi avtoritar, markazlashgan davlatlar haqida gap ketganda, bunga shubha yo‘q.

Ammo Trampning Si Jinpingni haddan tashqari maqtab yuborgani butunlay boshqacha, ba’zida esa «noqulay» bo‘ldi. Masalan, Tramp sammit davomidagi intervyusida Fox News boshlovchisiga janob Si «baland, juda baland bo‘yli» ekanligini aytdi. So‘ngra etnik stereotipga o‘tib: «ayniqsa bu mamlakat uchun, chunki ular biroz pastroq bo‘lishga moyil» dedi.

Donald Tramp o‘z shaxsiyati kuchining tashqi siyosatda chegaralari borligini allaqachon bilib bo‘lgan. Birinchi muddatida u Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan «bir-birlarini yoqtirib qolishganini» ta’kidlagan. Shunga qaramay, KXDRni yadro qurolidan voz kechishga majbur qila olmadi. Ikkinchi muddatida esa u Vladimir Putin bilan o‘nlab telefon suhbatlari va Alyaskadagi sammitga qaramay, Ukrainaga bosqinni ham to‘xtata olmayapti.

Xitoy kelishuvlarni tasdiqlamadi

Uchrashuvga kengroq kun tartibi bilan kirgan Xitoy AQShning muvaffaqiyat haqidagi da’volarini puchga chiqardi, deb yozmoqda NYT.

Sammit kelajakda AQSh va Xitoy o‘rtasida yanada barqaror munosabatlarga o‘tishning boshlanishi sifatida ko‘rilishi ham mumkin. Biroq Tramp gapirgan hatto cheklangan yutuqlarning ham juda kam qismi Xitoy tomonidan tasdiqlandi.

Si Trampni Tayvan tufayli to‘qnashuv xavfidan ogohlantirdi. Vaholanki Tramp «Air Force One» samolyoti Pekindan havoga ko‘tarilmaguncha Tayvan haqida hech narsa demadi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Tramp jar solgan yutuqlar — Xitoyning 750 tagacha «katta, go‘zal» Boeing samolyotlarini sotib olishi hali yakuniy kelishuv emasligiga shama qildi. Shanba kuni Xitoy ba’zi samolyotlarni sotib olishini ma’lum qildi, biroq Boeing samolyotlarining aniq xaridini tasdiqlashdan tiyildi.

«Ikki tomonning ishchi guruhlari hali ham tegishli tafsilotlarni muhokama qilmoqda va natijalarni imkon qadar tezroq yakunlaydi», dedi Van AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy muzokaralarga to‘xtalar ekan.

Shunga qaramay, sammitning AQSh uchun eng muhim yutug‘ini aytib berish so‘ralganda, Tramp «Menimcha, eng muhim narsa bu munosabatlardir. Hammasi munosabatlarga bog‘liq. Bu hech qanday ma’noga ega bo‘lmagan narsaga o‘xshab eshitilishi mumkin, lekin aslida bu hamma narsadir», dedi.

Tramp va Si Taqiqlangan shahar ichidagi imperator bog‘ida / Foto: NYT

Xitoy ham tashrifning shaxsiy jihatini yuqori baholadi. Xitoy tashqi ishlar vaziri sammitdan so‘ng «davlat rahbarlari diplomatiyasi dunyodagi eng muhim va murakkab ikki tomonlama munosabatlarning 'yo‘lchi yulduzi'dir» deb aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va Si birga deyarli to‘qqiz soat vaqt o‘tkazgan va «past-balandliklarni boshdan kechirgandan so‘ng umumiy barqarorlikka erishishga» muvaffaq bo‘lgan.

Tramp sentabr oyida Sini Vashingtonga kelishga taklif qildi. Bundan tashqari ikki yetakchilar 2026 yilning o‘zida yana bir qancha xalqaro tadbirlar doirasida uchrashishi mumkin.

Ushbu uchrashuvlarning barchasi AQSh uchun foyda keltiradimi-yo‘qmi, bunisi noma’lum. Agar, Trampning tashrifidan keyin «do‘stona muhit natijasida aniq kelishuvlar» yuzaga kelsa, bu o‘ziga xos burilish nuqtasi bo‘ladi, deydi tahlilchilar. Ammo «bunday kelishuvlar hali sodir bo‘lgani yo‘q».

Boz ustiga Si haqiqatan ham «do‘st» deb ataydigan Putin kelasi hafta Xitoyga tashrif buyuradi. Ushbu e’lon Si hali ham Rossiyaga muhim geosiyosiy hamkor sifatida qarashini eslatdi. Vashingtondagi ko‘pchilik esa bu munosabatlarni Amerika xavfsizligiga tahdid deb biladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid