Jahon | 09:20
1270
3 daqiqa o‘qiladi

Axios: Kuba Rossiya va Erondan jangovar dronlar sotib olgan

Kuba 2023 yildan buyon Rossiya va Erondan 300 dan ortiq jangovar dron sotib olgan hamda ulardan AQShning Guantanamo bazasi va Floridadagi harbiy obektlarga qarshi foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Axios nashri razvedka ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Foto: REUTERS

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Kuba Rossiya va Erondan hujumkor dronlar xarid qilib, ularni orolning strategik muhim nuqtalariga joylashtirmoqda. So‘nggi oyda esa Havana Rossiyadan yana ko‘proq dron va harbiy texnika so‘ragan.

Axios ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar AQSh uchun harbiy harakatlarga asos bo‘lishi mumkin. Chunki Tramp ma’muriyati Kubani “dronlar urushi rivojlanayotgani va Gavanada eronlik harbiy maslahatchilar borligi” sabab milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rmoqda.

Xabarda aytilishicha, Kuba AQShning Guantanamo ko‘rfazidagi harbiy bazasi, shuningdek, Florida shtatidagi Ki-Uest shahrida joylashgan harbiy-dengiz bazasi va kemalariga qarshi ehtimoliy hujumlarni muhokama qilgan.

14 may kuni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi — MRB direktori Jon Retkliff Gavanada Kuba ichki ishlar vazirligining yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashgan.

Kuba hukumati uchrashuv davomida orol AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solmasligini isbotlovchi dalillar taqdim etilganini bildirgan. Shu bilan birga, Havana Vashingtonni Kubani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirgan.

Reuters agentligiga ko‘ra, Retkliff Kuba rasmiylariga Donald Trampning xabarini yetkazgan. Unda AQSh iqtisodiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekani, biroq bu faqat “tub o‘zgarishlar” sharti bilan amalga oshishi aytilgan.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, Retkliff Kuba vakillarini harbiy harakatlardan ogohlantirgan hamda AQSh sanksiyalarini bekor qilish uchun “totalitar hukumat ag‘darilishi” zarurligini bildirgan.

Nashrning yozishicha, AQSh Adliya vazirligi 20 may kuni Kubaning sobiq rahbari Raul Kastroga qarshi ayblov xulosasini e’lon qilishi mumkin. U 1996 yilda Mayamidan faoliyat yuritgan Brothers to the Rescue humanitar tashkiloti samolyotlarini urib tushirish buyrug‘ini berganlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, shu hafta AQSh Kubaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Axios qayd etishicha, AQSh va Kuba o‘rtasidagi munosabatlar 2026 yil yanvarda Venesuela rahbari Nikolas Maduro AQSh aralashuvi ortidan hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin yanada keskinlashgan.

Kuba Venesuela neftiga kuchli bog‘liq bo‘lgani sababli Karakasdagi hokimiyat almashuvi Havana iqtisodiyotiga jiddiy zarba bergan.

Yanvar oyi oxirida AQSh Kubaga neft yetkazib beradigan davlatlar tovarlariga tarif joriy etgan. Tramp bu qarorni AQSh milliy xavfsizligini “Kuba rejimi tahdidlari”dan himoya qilish bilan izohlagan.

Hozirda Kubada yonilg‘i zaxiralari deyarli tugagani aytilmoqda. Mamlakatda uzoq davom etuvchi elektr uzilishlari kuzatilib, ayrim hududlarda blekautlar kuniga 20–22 soatgacha davom etmoqda. Orolda oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi ham kuchaygan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid