Moliya | 00:58
469
3 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy voqea: O‘zbekiston aksiyalari London fond birjasiga joylashtirilmoqda

18 may kuni dunyoning eng yirik va qadimiy birjalaridan biri - London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarining ilk ommaviy joylashtirilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tadi. 

Foto: KUN.UZ

Bu voqea dunyo mamlakatlarining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini va prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam, O‘zbekiston moliyaviy tarixida yangi sahifaning ochilishi deb e’tirof etilmoqda. 

Unda yetakchi xalqaro moliyaviy korporatsiyalarning qatnashishi jahon moliya bozorlari O‘zbekistonni ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida ko‘rayotgani, mahalliy kompaniyalarga investitsiya kiritish, korporativ boshqaruv va shaffoflikning zamonaviy standartlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ko‘rsatmoqda.

Marosimda prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Obid Hakimov ishtirok etadi.

Avvalroq Milliy investitsiya jamg‘armasining 31 foiz ulushi 603,6 mln dollarga sotilgani xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun: London fond birjasi dunyodagi eng yirik va eng qadimiy fond birjalaridan biri bo‘lib, 1801 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Birja London Stock Exchange Group (LSEG) tarkibiga kiradi va jahon moliya bozorida yetakchi o‘rinda turadi. 

LSE’da aksiyalari savdo qilinadigan kompaniyalarning umumiy bozor kapitalizatsiyasi 3–4 trln dollardan oshadi. Birjada dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan 2 000 dan ziyod kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan.

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 27 avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan. «Franklin Templeton» kompaniyasi uning ishonchli boshqaruvchisi hisoblanadi.

UzNIF portfeliga quyidagi kompaniyalar kiradi: «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zbektelekom», «Uzbekistan Airways», «Temiryo‘linfratuzilma», «Hududgazta’minot», «Toshshahartransxizmat», «O‘zbekiston MET» AJ, «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi», «O‘zbekinvest», «O‘zsuvta’minot» va «O‘zsanoatqurilishbank».

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid