Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyevdagi “Chernobil” muzeyida yong‘in yuz berdi
Rossiyaning Kiyevga uyushtirgan navbatdagi ommaviy hujumi natijasida Ukrainadagi milliy “Chernobil” muzeyi jiddiy zarar ko‘rdi. Hujum oqibatida muzey eksponatlarining taxminan 40 foizi yo‘q qilingan.
Foto: UNІAN
Ukraina OAV ma’lumotiga ko‘ra, 24 mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan raketa va dron hujumi chog‘ida muzey binosiga zarar yetgan. Hodisadan so‘ng muzey vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.
Ukraina Ichki ishlar vazirligi bildirishicha, zarba oqibatida muzey ichida yong‘in chiqqan va osma shiftning bir qismi qulab tushgan. Shu bilan birga, qutqaruvchilar va muzey xodimlari bir qator qimmatli eksponatlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Jumladan, ukrain rassomi Mariya Primachenkoning kartinasi hamda 2022 yilda Chernobil AES deokkupatsiya qilingach o‘rnatilgan Ukraina bayrog‘i evakuatsiya qilingan.
Ma’lum qilinishicha, milliy Chernobil muzeyi faqat aprel oyi oxirida keng ko‘lamli restavratsiyadan keyin qayta ochilgan edi.
Ukraina madaniyat vaziri Tatyana Berejnayaning aytishicha, mazkur hujum urush boshlanganidan beri Kiyevda madaniy muassasalarga yetkazilgan eng yirik zararlardan biri bo‘lgan.
Hujum natijasida Ukraina Milliy badiiy muzeyi, Milliy filarmoniya, Milliy musiqa akademiyasi, Yaroslav Mudriy nomidagi kutubxona va Kiyev operasi ham zarar ko‘rgan.
Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina bo‘ylab 90 ta raketa va 600 ta dron uchirgan. Asosiy nishonlar Kiyev va Kiyev viloyatidagi Bela Tserkov shahri bo‘lgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hujumdan keyin Rossiya rahbariyatini qattiq tanqid qilib, “oddiy uylar va fuqarolik obektlariga zarba berishda davom etayotganini” aytdi.