Jahon | 14:46
2160
10 daqiqa o‘qiladi

«Oreshnik»ni ishga solgan Rossiya va Oyga intilayotgan Xitoy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Rossiya yana «Oreshnik» otdi

Rossiya yakshanba kuni Kiyev va uning atrofidagi hududlarga yuzlab dron va raketalar bilan zarba berdi. Bu to‘rt yillikda shaharga qilingan eng kuchli bombardimonlardan bo‘ldi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiyaning bir necha soatlik shiddatli hujumi oqibatida Kiyevda ikki kishi va uning atrofidagi hududlarda yana ikki kishi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi jarohatlangan. Boshqa hududlarga ham zarba berilgan, janubiy Xersonda ikki kishi halok bo‘ldi.

Ukraina harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, Rossiya jami 90 ta raketa va 600 ta dron uchirgan. Kiyev yaqiniga «Oreshnik» gipertovushli raketasi otildi.

Bu urush boshlanganidan beri Rossiya Ukrainaga qarshi uchinchi marta «Oreshnik» raketasini qo‘llashi hisoblanadi.

Tahlilchilar Oreshnik zarbasi tasvirlangan kadrlarini tahlil qilib, raketaning jangovar kallagi 36 ta kichik o‘q-doriga — kassetali qismlarga bo‘linganini ma’lum qildi.

Rossiya hujumlari Kiyev shahar markazidagi ko‘plab tarixiy binolarga zarar yetkazgan. Ukraina Vazirlar Mahkamasi va tashqi ishlar vazirligi binolari ham yengil shikastlangan. Zarbalardan biri Chernobil yadroviy halokatiga bag‘ishlangan yangi ochilgan muzeyni vayron qildi.

«Bu Rossiya uchun oqibatsiz qolmasligi juda muhim», dedi prezident Volodimir Zelenskiy Ukrainaning ittifoqchilarini harakat qilishga chaqirib.

Yevropa yetakchilari Kiyevga qilingan hujumni qoraladi. Buyuk Britaniya va Germaniya yadroviy kallaklarni tashishga qodir bo‘lgan «Oreshnik» raketasining qo‘llanishini «eskalatsiya» deb baholadi.

Rasmiy Moskva ushbu zarbalar – Kiyevning Rossiya fuqarolik obektlariga bergan zarbalariga javob ekanini aytdi va hujumda «Oreshnik», «Iskander», «Kinjal» va «Tsirkon» raketalaridan foydalanilganini bildirdi.

Rossiya mudofaa vazirligi zarbalar Ukraina qo‘mondonlik obektlari va harbiy razvedka foydalanadigan hududlarni nishonga olganini bildirdi.

AQSh–Eron muzokaralari

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar «tartibli va konstruktiv» tarzda ketayotganini, biroq yakuniy bitim imzolanmaguncha Tehronga nisbatan blokada saqlab qolinishini ma’lum qildi. «Kelishuvga erishilib, u tasdiqlanib va imzolanmaguncha, blokada to‘liq kuchda qoladi. Har ikki tomon ham shoshilmasdan, hammasini to‘g‘ri bajarishi kerak. Xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!» deb yozdi Tramp yakshanba kuni.

Oq uy rahbari «ular yadroviy qurol yoki bomba ishlab chiqa olmasliklari yoki uni qo‘lga kirita olmasliklarini tushunishlari kerak», degan. Tramp AQSh bilan hamkorlik uchun «Yaqin Sharqdagi barcha davlatlar»ga alohida minnatdorlik bildirdi. Shuningdek u bu hamkorlik «ularning Ibrohim kelishuvlarini imzolashi» tufayli yanada mustahkamlanishini aytdi.

Eron hukumatidan hozircha rasmiy munosabat bo‘lmadi. Biroq Muhofizlar korpusiga yaqin bo‘lgan «Tasnim» nashri AQSh hali ham Tehronning muzlatilgan mablag‘larni ozod qilish talabiga to‘sqinlik qilayotganini ma’lum qildi.

Bir kun avval Tramp AQSh va Eron o‘rtasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni nazarda tutuvchi niyatlar memorandumiga «asosan kelishib olingani»ni aytgan edi. Shunga qaramay, har ikki tomon bir qator murakkab masalalarda hamon bir qarorga kelolmayapti.

Reuters manbalariga ko‘ra, Eron Qo‘shma Shtatlar tomonidan dengiz blokadasi bekor qilinishi evaziga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga hamda boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechishga «prinsipial jihatdan» rozi bo‘lgan.

Eronlik manbalar kelgusi bosqichlarda boyitilgan uran zaxirasi bo‘yicha bahsni hal qilish uchun ushbu materialni BMTning yadroviy kuzatuv organi nazorati ostida suyultirish mumkinligini aytgan.

Dam olish kunlari ehtimoliy kelishuv tafsilotlari oshkor bo‘lgach, tanqidchilar bu Eron bilan «urushdan oldingi status-kvo»dan boshqa narsa emasligini aytdi. Tramp esa unday «omadsizlarga» quloq solmasligini bildirdi.

Oyga intilayotganlar

24 may kuni Xitoy o‘zining koinot stansiyasiga uch nafar astronavtni yubordi. Ulardan biri stansiyada bir yil qoladi — bu mamlakat koinot dasturi tarixidagi eng uzoq muddatli rekord hisoblanadi.

«Shenjou-23» kemasi Xitoy shimoli-g‘arbidagi sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish markazidan «Buyuk yurish-2F» eltuvchi raketasi yordamida, bortida uch nafar xitoylik astronavt bilan koinotga ko‘tarildi.

«Shenjou-23» parvozi asosiy modul bilan birinchi marta avtonom tezkor yaqinlashish va tutashish amaliyotini bajaradi. Missiyaning uzoq davom etishi davomida Xitoy olimlari koinotdagi radiatsiya ta’siri, suyak zichligi yo‘qolishi va psixologik stressning fiziologik oqibatlarini o‘rganadi.

Xitoy hozirgacha Oyga faqat robotlarni yuborgan bo‘lsa-da, uning kosmik salohiyati shiddat bilan o‘smoqda. 2024 yil iyunda Xitoy robotlar yordamida Oyning orqa tomonidan namuna olib kelgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi.

2030 yilgacha Oyga muvaffaqiyatli odam qo‘ndirilishi Xitoyning Rossiya bilan birgalikda Oyda doimiy baza tashkil etish rejalarini yanada kuchaytiradi. Xitoy Oy dasturining bosh olimi Vu Veyrenning ta’kidlashicha, Pekinning e’lon qilgan rasmiy muddatlari ataylab ehtiyotkorlik bilan belgilangan.

Bu safargi parvoz AQSh bilan Oy poygasi tezlashgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Vashington Pekinning go‘yoki Oy hududini mustamlaka qilish va uning resurslarini qazib olish rejalaridan ogohlantirib kelmoqda. Pekin esa bu da’volarni keskin rad etgan.

NASAning o‘zi ham 2028 yilda — Xitoydan ikki yil oldin Oyga odam qo‘ndirishga intilmoqda. AQShning maqsadi kelajakda Marsni inson tomonidan tadqiq etish uchun tramplin sifatida Oyda uzoq muddatli bazani tashkil qilishdan iborat.

Pokistonda portlash

Yakshanba kuni Pokiston janubi-g‘arbidagi Balujiston provinsiyasida xavfsizlik kuchlari xodimlari va ularning oila a’zolarini olib ketayotgan poyezdda portlash yuz berdi. Reutersʼga ko‘ra, portlash oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘lgan va 70 ga yaqin kishi jarohatlangan.

Portlash provinsiya poytaxtidagi temiryo‘l izi yaqinida sodir bo‘lgan. Bu vaqtda poyezd yo‘lovchilarni Kvetta harbiy shaharchasidan olib kelayotgan bo‘lgan.

Portlovchi moddalar ortilgan avtomobil poyezd vagonlaridan biriga kelib urilgan. Portlash oqibatida lokomotiv va uchta vagon relsdan chiqib ketgan, yana ikkita vagon esa ag‘darilgan. Xavfsizlik kuchlari hududni qurshovga olgan, qutqaruv ishlari olib bormoqda.

Halok bo‘lganlarning ayrimlari yaqin atrofdagi turar joy binosi aholisi bo‘lgan. Voqea joyidan olingan suratlarda yonib ketgan transport vositalari va temiryo‘l yaqinida sochilib yotgan vayronalar aks etgan.

Ushbu hujum — Pokiston armiyasi so‘nggi yillarda mintaqadagi isyonchilarga qarshi operatsiyalar boshlaganidan keyin sodir bo‘lmoqda. «Balujiston ozodlik armiyasi» jangari guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi va buni xudkushlik hujumi deb ta’rifladi.

Bosh vazir Shahboz Sharif ushbu hodisani «mudhish portlash» deb qoraladi.

Shu yil boshida Balujistondagi hujumda qariyb 50 kishi halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng Pokiston kuchlari 40 soatlik operatsiya davomida 145 nafar jangarini yo‘q qilgan.

Oq uy yaqinida otishma

Shanba kuni kechqurun Vashingtonda yana otishma bo‘ldi. Xususan, Oq uy yaqinidagi nazorat-o‘tkazish punktiga qarata o‘t ochgan qurollangan shaxs xavfsizlik xodimlari tomonidan otib yaralandi. Hujumchi shifoxonaga olib borilgach vafot etdi, deb xabar berdi AQSh Maxfiy xizmati.

Xizmatga ko‘ra, ushbu shaxs nazorat-o‘tkazish punktiga yaqinlashgach, sumkasidan qurol olib, xodimlarga qarata o‘t ocha boshlagan. Agentlik xodimlari ham javob o‘ti ochib, gumonlanuvchini yaralagan.

Otishma oqibatida atrofdagi yo‘lovchilardan biri ham jarohat olgan, biroq uning ahvoli qanchalik og‘irligi noma’lum.

Otishmani sodir etgan shaxsning ruhiy holati beqaror ekani aytilmoqda. Maxfiy xizmat o‘z idorasi xodimlaridan hech kim jabrlanmaganini, voqea sodir bo‘lgan vaqtda prezident Donald Tramp Oq uyda bo‘lganini ma’lum qildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid