Moliya | 08:37 / 25.05.2026
1049
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kripto-mayningni nazorat qilish kuchaytiriladi

O‘zbekistonda kripto-mayning faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan Besqala Mining Valley maxsus mayning zonasi to‘g‘risidagi nizom loyihasi ishlab chiqildi.

Foto: stock.adobe.com

Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston hududida maxsus mayning zonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda kripto-mayning bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar maxsus tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Loyihada mayning faoliyati uchun qator qat’iy talablar belgilangan. Jumladan, faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar maxsus zona rezidenti bo‘lishi mumkin. Mayning faqat ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatilgan manzilda amalga oshirilishi shart.

Shuningdek, yashirin mayning, anonim kripto-aktivlar mayningi hamda avval muomalada bo‘lgan kripto-aktivlarni aylanmaga kiritish taqiqlanmoqda.

Nizom loyihasiga muvofiq, mayning bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma olishi kerak bo‘ladi. Ruxsatnoma va rezidentlik guvohnomasi 5 yil muddatga beriladi.

Hujjatda elektr energiyasidan foydalanish tartibiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mayning faoliyati uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari, vodorod elektr stansiyalari yoki yagona elektr tarmog‘idan foydalanish mumkinligi belgilangan.

Bundan tashqari, kripto-aktivlarni sotish va ayirboshlash jarayonlari ham nazorat ostiga olinadi. Mayning orqali topilgan kripto-aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘lar majburiy tarzda O‘zbekiston banklaridagi hisob raqamlariga o‘tkazilishi shart bo‘ladi.

Loyihada rezidentlarning ta’sischilari va rahbarlariga nisbatan ham cheklovlar nazarda tutilgan. Terrorizm, korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlar yoki axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilingan yoki sudlangan shaxslarning bunday faoliyatda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur maxsus zona faoliyatini nazorat qilish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi zimmasiga yuklanishi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid