O‘zbekiston | 08:34
722
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Bugungi bitiruvchi - Uchinchi Renessans bunyodkori

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat maktablarini tamomlayotgan bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigida bugungi yoshlar Yangi O‘zbekistonning eng katta tayanchi va Uchinchi Renessansni barpo etadigan avlod ekanini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari murojaatida qayd etilishicha, joriy yil mamlakat bo‘ylab 472 ming nafar o‘g‘il-qiz maktabni bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqda. Shu munosabat bilan barcha bitiruvchilar, ustozlar va ota-onalar samimiy qutlandi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bu yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod o‘quvchi maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Bu esa mamlakatda ta’lim sifati va yoshlarning ilmga intilishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Murojaatda bugungi kunda hayot va mehnat bozori shiddat bilan o‘zgarayotgani, yangi kasblar paydo bo‘layotgani qayd etildi. Shu bois yoshlar uchun xorijiy tillarni bilish, kompyuter savodxonligi va zamonaviy kasblarni egallash muhim talabga aylanayotgani ta’kidlandi.

— Mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija so‘rayapti, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev har bir maktab bitiruvchisi ertaga muhandis, shifokor, olim, tadbirkor yoki ijodkor sifatida mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi bitiruvchi — kelajakda Uchinchi Renessansni barpo etadigan avloddir.

Murojaatda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mamlakatdagi 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum yoshlarga zamonaviy bilim va kasb berishga tayyor ekani ta’kidlandi. Shuningdek, 171 nafar yosh dunyoning yetakchi universitetlariga qabul qilingani ma’lum qilindi.

Prezident tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar uchun banklar tomonidan joriy yil 25 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilayotganini bildirdi. Startap loyihalar uchun esa 100 million dollar mablag‘ tayyorlangani aytildi.

Bundan tashqari, yirik IT kompaniyalar har yili kamida 50 ming nafar bitiruvchini sun’iy intellekt sohasida o‘qitish va yuqori daromadli ish bilan ta’minlashga tayyor ekani qayd etildi.

Davlat rahbari yoshlarni kitob o‘qish, izlanish va katta maqsadlar qo‘yishga chaqirdi. U kitobni insonning eng yaqin do‘sti va kuchli quroli deb atadi.

Shuningdek, murojaatda o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlari — shaxmatchilar, futbolchilar va yosh kino ijodkorlarining muvaffaqiyatlari ham misol sifatida keltirildi.

Prezident so‘zining yakunida bitiruvchilarga murojaat qilib, ularni o‘z kuchiga ishonish va doimo olg‘a intilishga chaqirdi.

— Oldingizga katta maqsadlar qo‘yishdan hech qachon qo‘rqmang! O‘zingizga ishonib, hamisha olg‘a boring! — dedi davlat rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid