O‘zbekiston | 15:16
1777
7 daqiqa o‘qiladi

Iyunda qanday ob-havo kutilmoqda?

El-Nino hodisasi tufayli bu yil yozda harorat me’yordan biroz yuqori bo‘lishi va ayrim joylarda +47 darajagacha chiqishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

2026 yilgi iyun oyi beqaror va o‘rtacha iliq ob-havo bilan boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

1–3 iyun kunlari respublikaning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 15–20 metr/soniyagacha kuchayadi. Harorat asosan kechalari +15…+20 daraja, kunduz kunlari +30…+35 daraja bo‘ladi.

Keyinchalik oy oxirigacha harorat asosan kechalari +18…+23 daraja, kunduz kunlari +29…+34 darajadan +34…+39 darajagacha o‘zgarib turadi, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ayrim kunlarda +40…+42 darajagacha bo‘ladi.

Oyning birinchi yarmida ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Bu yilgi yoz qanday bo‘ladi?

Amerika iqlim prognozlari markazining so‘nggi byulleteniga ko‘ra, 2026 yil may oyida El-Nino hodisasi boshlanishining birinchi aniq belgilari (Tinch okeanida suv harorati keskin ko‘tarilishi) qayd etildi, bu esa sayyorada global havo harorati oshishiga sabab bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda bircha iqlim tizimi neytral deb hisoblanadi, ammo okeandagi suv harorati juda yuqori tezlikda ko‘tarilmoqda. Bu dunyoning yetakchi mavsumiy prognozlash markazlari tomonidan 2026 yil yozi issiq bo‘lishi prognozlari bilan bog‘liqdir.

Bu O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

O‘zbekistonda yoz an’anaviy ravishda quruq va issiq bo‘ladi – bu Markaziy Osiyo iqlimining o‘ziga xos xususiyatidir. Bundan tashqari, so‘nggi 15 yil davomida yoz fasllari o‘rtacha harorati ko‘tarilishining barqaror tendensiyasi kuzatilmoqda.

Jahon prognoz markazlari hisob-kitoblariga asoslangan holda O‘zgidrometning dastlabki baholashiga ko‘ra, joriy yilda yozning o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi mumkin.

Yozgi mavsum davomida ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan juda issiq ob-havo davrlari bo‘lishi kutilmoqda. Yoz o‘rtalarida eng issiq kunlarda havo harorati +42…+44 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +45…+47 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Avvalgi iyun oylari qanday o‘tgan?

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, iyunda o‘rtacha oylik havo harorati may oyi qiymatlaridan 4–5 darajaga, cho‘l hududlarda 6–7 darajaga yuqori bo‘ladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha iyun oyining o‘rtacha harorati barqaror ravishda oshib bormoqda.

Oxirgi 15 yil davomida respublika hududining katta qismida faqat 2019 yilning iyuni, shimolda va cho‘l hududlarda esa 2017 va 2018 yilning iyun oylari me’yordan biroz iliqroq bo‘ldi.

Besh yilliklar bo‘yicha o‘rtacha hisoblangan iyunning o‘rtacha harorati 2021–2025 yillarda harorat sezilarli darajada ko‘tarilganini ko‘rsatmoqda. Respublikaning barcha hududlarida ushbu yillar davomida haroratning me’yordan o‘rtacha anomaliyasi +1,3 darajadan +2,5 darajagachani tashkil etdi.

O‘zbekiston hududining katta qismida iyun oyida o‘rtacha kunlik harorat +31…+36 daraja atrofida bo‘ladi, janubda va cho‘l hududlarida esa me’yordan 3–4 darajaga yuqori bo‘ladi.

Iyun oyida maksimal havo haroratining rekord qiymatlari +41…+44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +45…+47 darajani tashkil etadi. Toshkentda iyunning mutlaq maksimal harorati +43 darajadir. Mamlakat bo‘yicha eng yuqori maksimal havo harorati +49,6 daraja – 1914 yil iyun oyida Termiz shahrida qayd etilgan.

Rekord ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘lgan havo harorati, albatta, kamdan kam kuzatiladi. Ayrim juda issiq kunlarda harorat +37…+41 daraja, janubda va cho‘l hududlarda +41…+43 darajagacha bo‘lgan harorat deyarli har yili iyunda kuzatiladi.

Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil – bu havo harorati juda yuqori bo‘lgan alohida kunlar emas, balki issiq davrlar davomiyligidir, deydi sinoptiklar.

Shunday qilib, 2023 yil iyun oyida deyarli ikki hafta davomida havo harorati +38…+41 daraja atrofida, cho‘l hududlarda va eng chekka janubda esa +43 darajagacha bo‘lgan juda issiq davr qayd etildi.

Ba’zida esa iyun oyida kunduzgi harorat +25…+28 darajagacha, ba’zan undan ham pastroq bo‘ladigan davrlar kuzatiladi, lekin ularning davomiyligi qisqa bo‘ladi.

Iyunda may oyiga nisbatan yog‘ingarchilik miqdori sezilarli darajada (2–4 marta) ayniqsa janubda va cho‘l hududlarda (5–12 marta) kamayadi, bu esa tez-tez chang-qum bo‘ronlari vujudga kelishiga olib keladi.

Shu bilan birga, bu oyda yog‘ingarchilik hudud bo‘yicha ham, vaqt bo‘yicha ham notekis taqsimlanishi kuchayadi.

Ekstremal quruq oylar bilan bir qatorda, ayrim yillarda mahalliy jala yomg‘irlar yog‘adigan kunlar ham kuzatiladi, bunda yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda oylik me’yorga yetadi, ba’zan esa undan ham oshadi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ushbu oydagi jala yomg‘irlar ko‘pincha sel-suv toshqin hodisalari rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Meteorologik kuzatuvlar tarixida yog‘ingarchilik miqdori 3–6 oylik me’yorga teng bo‘lgan kuchli jalalar, qurg‘oqchil hududlarda esa bir necha soat ichida 8–20 oylik me’yorgacha yog‘ishi holatlari kuzatilgan.

Xususan, 2019 yil iyun oyida Toshkent shahrida atigi 2 marta yomg‘ir yog‘gan bo‘lsa-da, bu kunlarda yog‘ingarchilik miqdori oyning oylik me’yoridan sezilarli darajada ko‘p bo‘ldi. Shu ikki kun davomida shaharning turli hududlarida 50 millimetrdan 89 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatildi. Toshkent shahrida iyun oyida yog‘ingarchilikning iqlimiy me’yori 17 millimetrni tashkil etadi.

2023 va 2025 yillarda iyun oyida Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘magan bo‘lsa-da, 2025 yil iyun oyida ularning umumiy miqdori me’yorning atigi 10 foizini tashkil etdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid