Jahon | 08:42
687
2 daqiqa o‘qiladi

Bild va Stern Mersning ehtimoliy vorislari haqida yozdi

Germaniya kansleri Fridrix Mers atrofidagi manbalar uni kanslerlik lavozimidan muddatidan avval chetlatishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarni inkor qildi. Ular bunday ma’lumotlarni “mutlaqo asossiz taxminlar” deb atagan.

Foto: dw.com

Dpa agentligi xabar berishicha, Mersga yaqin manbalar bu kabi gap-so‘zlar “konstitutsiya va siyosiy voqelikni bilmaslik” hamda “xavfli tarzda mojaro qo‘zg‘atishga moyillik” belgisi ekanini ta’kidlagan.

Ularning fikricha, bunday mish-mishlar Germaniyadagi o‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” partiyasi manfaatlariga xizmat qiladi hamda ichki va xalqaro inqirozlar fonida siyosiy markaz nufuziga putur yetkazadi.

Avvalroq Stern jurnali va Bild gazetasi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) partiyasida Fridrix Mersni vakolat muddati tugashidan oldin almashtirish ehtimoli muhokama qilinayotganini xabar qilgan edi. Nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, ehtimoliy nomzodlar sifatida Shimoliy Reyn — Vestfaliya hukumati rahbari Xendrik Vyust, Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder hamda XDI/XSI parlament fraksiyasi rahbari Yyens Shpan tilga olingan.

Dpa agentligi qayd etishicha, amaldagi kanslerni almashtirish Germaniya konstitutsiyasi nuqtai nazaridan ancha murakkab siyosiy jarayon hisoblanadi. Bunday holatda Mersning o‘zi yangi kansler sayloviga yo‘l ochishi yoki partiyadoshlari bosimi ostida iste’foga chiqishi talab etiladi.

Shu bilan birga, XDI/XSI va Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi deputatlari yangi kanslerni birgalikda saylashi mumkin bo‘lsa-da, bu jarayon oson kechmasligi ta’kidlanmoqda.

May oyida o‘tkazilgan Deutschlandtrend so‘roviga ko‘ra, Fridrix Mers boshchiligidagi Germaniya hukumati reytingi koalitsiya ish boshlagandan beri eng past darajaga tushgan. So‘rov ishtirokchilarining 86 foizi hukumat faoliyatidan norozi ekanini bildirgan. Mersning shaxsiy reytingi esa 16 foizgacha pasaygan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid