Jahon | 09:02 / 29.05.2026
2156
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada vokzalda hujum: uch kishi yaralandi

Shveytsariyaning Vintertur shahrida vokzal yaqinida sodir etilgan pichoq bilan qilingan hujum oqibatida uch kishi jarohat oldi. Mahalliy hokimiyat voqeani terakt sifatida baholab, gumondorni qo‘lga olganini ma’lum qildi.

Hodisa 28 may kuni ertalab Tsyurix yaqinidagi Vintertur shahri temiryo‘l vokzali hududida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 31 yoshli Shveytsariya fuqarosi o‘tkir jism bilan yo‘lovchilarga hujum qilgan.

Natijada yoshi 28 dan 52 yoshgacha bo‘lgan uch nafar fuqaro jarohat olgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, bir nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, gumondor hujumdan oldin bir necha bor qichqirgan. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, hodisa paytida atrofdagilar va bolalar sarosimaga tushib, hududni tark etgan.

Tsyurix kantoni xavfsizlik departamenti rahbari Mario Fer voqeani «terroristik akt» deb atadi. Kanton politsiyasi vakili Marius Vayyerman esa hujum sabablari radikallashuv va ekstremizm bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Huquq-tartibot organlari gumondorni hodisa joyida qo‘lga olgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Shveytsariya federal temiryo‘llari ma’lum qilishicha, hodisa poyezdlar harakatiga ta’sir ko‘rsatmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid