Jahon | 08:31
960
4 daqiqa o‘qiladi

BMT bankrotlik xavfiga duch kelmoqda - WSJ

AQSh va Xitoy tomonidan majburiy badallarning o‘z vaqtida to‘lanmayotgani sababli Birlashgan Millatlar Tashkiloti jiddiy moliyaviy inqirozga duch keldi. The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilot mablag‘lari joriy yil avgust oyining o‘rtalarigacha tugashi mumkin.

Foto: REUTERS

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, BMT budjetiga tushumlarning 42 foizi AQSh va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Ammo mazkur davlatlar tomonidan to‘lovlarning kechikishi tashkilotni bankrotlik xavfi bilan yuzlashtirgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonning BMT oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshgan. Xitoy esa may oyi oxirida tashqi ishlar vaziri Van Ining Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasiga tashrifi chog‘ida qariyb 850 million dollar to‘laganiga qaramay, hali ham 455 million dollar qarzdor bo‘lib qolmoqda.

Pekin o‘z majburiyatlarini bajarishini ma’lum qilgan va o‘zini tashkilotning “amaldagi asosiy moliyaviy homiylaridan biri” deb atagan.

AQSh esa kelgusidagi moliyaviy yordamni BMT xarajatlarini qisqartirish bilan bog‘lamoqda. Vashington talablari qatorida ish o‘rinlarini qisqartirish, biznes-klassdagi xizmat safarlarini kamaytirish hamda mashinali tarjima texnologiyalaridan foydalanish kabi choralar bor.

Nashr ta’kidlashicha, BMTni moliyalashtirishni qisqartirayotgan davlatlar orasida boshqa yirik donorlar ham mavjud. Xususan, Buyuk Britaniya va Germaniya iqtisodiy tejamkorlik siyosati tufayli ochlik va kasalliklarga qarshi gumanitar dasturlarga ajratilayotgan mablag‘larni kamaytirgan.

Shuningdek, Shvetsiya va Niderlandiya tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar hajmining qisqarishi mamlakatlardagi siyosiy o‘zgarishlar bilan izohlangan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 2025 yil oktabr oyidayoq tashkilot “bankrotlikka poyga” holatida ekanini ta’kidlagan edi. U BMT moliyaviy halokatga uchrashi ehtimoli haqiqatga aylanayotganini ogohlantirgan.

WSJ ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi sur’at saqlanib qolsa, tashkilot mablag‘lari avgust oyining o‘rtasiga kelib tugashi mumkin. Shu bilan birga, 2026 yil oxiriga qadar Antoniu Guterrishning vorisini tanlash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Moliyaviy tanqislik tufayli BMT xarajatlarni keskin qisqartirishga majbur bo‘ldi. Xususan, bir qator ofislar yopildi va kotibiyatda rekord darajada — 3 mingta ish o‘rni qisqartirildi.

Bundan tashqari, tarjimonlar ish smenalari qisqartirildi, ofislardagi eskalatorlar o‘chirib qo‘yildi va Nyu-Yorkdagi shtab-kvartira binosini ta’mirlash ishlari ortga surildi.

Tashkilot Afrikadagi mojaro hududlaridan qo‘shinlarni chiqarish jarayonini tezlashtirgan va tinchlikparvarlik operatsiyalari xarajatlarini ham qisqartirgan. Shuningdek, “ko‘k kaskalilar” missiyalarida ishtirok etayotgan Nepal, Bangladesh va boshqa nisbatan kambag‘al davlatlarga to‘lanadigan mablag‘lar ham kechiktirilgan.

WSJ qayd etishicha, BMT kredit olish imkoniyatiga ega emas, tashkilot rahbariyatining faoliyatni qayta tashkil etish yoki xodimlarni qisqartirish bo‘yicha vakolatlari ham cheklangan. BMT xarajatlarining qariyb 70 foizi xodimlar maoshlariga to‘g‘ri keladi.

Nashrning yozishicha, tashkilot rahbariyati Nyu-Yorkdagi shtab-kvartiraning qo‘riqlanadigan kirish yo‘laklaridan birini yopish orqali 700 ming dollar tejashga uringan. Biroq diplomatlar bu qarorga qarshi chiqqan va ikki kundan keyin kirish nuqtasi yana qayta ishga tushirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid