Jahon | 16:47
3313
4 daqiqa o‘qiladi

«Sening toming ketgan» – Tramp Livanga hujum tufayli Netanyahuni qattiq koyidi

Axios nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga g‘azab bilan qo‘ng‘iroq qilib, undan Livanga hujumlarni to‘xtatishni talab qilgan. Avvalroq, Eron agar Isroil Livanga hujumni bas qilmas ekan, muzokaralarni butunlay to‘xtatishini bildirgan edi

Foto: Joe Raedle/Getty Images

Donald Tramp Icroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqotda uni Livan mojarosidagi eskalatsiya uchun qattiq tanqid qildi, deb yozmoqda Axios bir necha manbalarga tayanib.

Suhbatdoshlardan birining aytishicha, AQSh yetakchisi Isroil bosh vazirini nonko‘rlikda ayblagan: «Sening toming ketgan. Agar men bo‘lmaganimda, sen hozir qamoqda o‘tirgan bo‘larding. Men seni qutqaryapman. Endi seni hamma yomon ko‘radi. Shu sababli hamma Isroilni ham yomon ko‘radi».

Boshqa bir manbaning aytishicha, Tramp qaysidir pallada «quturib ketgan» va Netanyahuga shunday deb baqirgan: «Sen nima qilib yuribsan o‘zi?» (originalida – «What the fuck are you doing?»).

Axios manbasi qayd etishicha, Tramp va Netanyahu o‘rtasida oldin ham keskin ruhdagi telefon muloqotlari bo‘lib turgan, ammo bu Tramp Oq uyga qaytganidan keyingi davrdagi eng og‘ir suhbatlardan biri bo‘ldi. Nashr taxminiga ko‘ra, Trampning g‘azab otiga minishiga Livandagi eskalatsiya AQShning Eron bilan olib borayotgan muzokaralarini barbod qilish xavfini tug‘dirgani sabab bo‘lgan.

Telefon orqali muloqotdan so‘ng Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Netanyahudan Bayrutda yirik amaliyot o‘tkazmaslikni so‘ragani va u «o‘z qo‘shinlarini ortga qaytargani» haqida yozdi. Tramp «Hizbulloh» rahbariyati vakillari bilan ham gaplashgani va ular «Isroil va uning harbiy xizmatchilarini o‘qqa tutishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Netanyahuning idorasi ham bosh vazir va Tramp o‘rtasidagi muloqot haqida xabar bergan. Netanyahu agar «Hizbulloh» Isroil shaharlarini o‘qqa tutishni to‘xtatmaydigan bo‘lsa, Isroil «Bayrutdagi terrorchilik nishonlari» bo‘ylab zarbalar berishidan ogohlantirgan. «Bizning pozitsiyamiz o‘zgarmaydi», – degan Isroil bosh vaziri.

Isroillik rasmiylardan biri Axios nashriga Isroil «Hizbulloh»ning Bayrutda obektlariga zarba berishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan. Amerikalik mulozim esa Tramp Netanyahu bilan muloqotda «o‘z pozitsiyasini o‘tkazgani»ni aytgan. «Mayli, mayli, faqat hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonch hosil qiling», – degan yakunda Netanyahu.

Livanda o‘t ochish to‘xtatilishi Eron AQSh bilan sulh tuzish uchun qo‘ygan shartlardan biri edi. Biroq 30–31 may kunlari Isroil armiyasi Livan janubidagi o‘rta asrlarga oid Bofor qal’asini egallab oldi. Isroil mudofaa kuchlariga ko‘ra, ushbu qal’adan «Hizbulloh» istehkom sifatida foydalangan. 1 iyun kuni Eronning Tasnim agentligi Isroilning Livanga bergan zarbalari sababli Eron AQSh bilan muzokaralarni to‘xtatganini xabar qildi. Biroz o‘tib Tramp muzokaralar «tez sur’atlar bilan davom etayotgani»ni yozdi.

Isroilda Netanyahu pora olishda, shuningdek, korrupsiya ishi bo‘yicha firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Uning ishi bo‘yicha sud jarayonlari 2020 yildan beri davom etmoqda, Tramp Isroilga tashrifi chog‘ida uni afv etishga chaqirgan, shuningdek, Isroil prezidenti Itshak Hersogga shunday iltimos bilan xat yozgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid