Jahon | 08:35 / 03.06.2026
2402
2 daqiqa o‘qiladi

«Naftogaz» Rossiyadan tovon undirishni davom ettirmoqda

Finlandiya hukumati Ukrainaning «Naftogaz» kompaniyasi talabi bilan Rossiyaga tegishli 3,7 million yevro mablag‘ni musodara qildi. Ushbu mablag‘lar ilgari Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi chegaraoldi hamkorlik dasturi uchun ajratilgan edi.

Foto: AP

Finlandiya rasmiylari 2026 yil boshidan buyon Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan chegaraoldi hamkorlik dasturiga tegishli taxminan 3,7 million yevro mablag‘ni musodara qildi. Bu haqda Yle teleradiokompaniyasi mamlakat Majburiy ijro xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mablag‘lar Ukraina davlat kompaniyasi «Naftogaz» va uning shu’ba korxonalari murojaati asosida xatlangan. Gap Rossiya va Finlandiyaning chegara hududlarida iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha mablag‘lari haqida ketmoqda.

Rossiya mazkur dasturga Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan oldin 3,7 million yevro ajratgan. 2022 yilda dastur to‘xtatilgach, mablag‘lar Finlandiya hududida saqlanib qolgan.

«Naftogaz» Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrimdagi aktivlari uchun tovon puli undirishga harakat qilmoqda. 2023 yilda Haaga arbitraj sudi Rossiyani kompaniyaga 5 milliard dollar kompensatsiya to‘lashga majbur qilgan edi. Moskva bu qarorni bajarishdan bosh tortgach, «Naftogaz» turli davlatlarda Rossiya aktivlarini musodara qilish orqali mablag‘ undirishga intilmoqda.

Avvalroq ham Finlandiya «Naftogaz» talabi bilan kamida 40 million yevro qiymatidagi Rossiya aktivlarini xatlagan. Ular qatorida ko‘chmas mulk obektlari, jumladan Rossiya Fan va madaniyat markaziga tegishli yer maydonlari va binolar ham bo‘lgan.

Rossiya hukumati esa Haaga arbitraj sudining mazkur ish bo‘yicha yurisdiksiyasini tan olmasligini bildirib keladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Finlandiya harakatlarini noqonuniy deb baholab, Helsinkini javob choralari bilan ogohlantirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid