Jahon | 08:37
917
2 daqiqa o‘qiladi

Max messendjyeri App Storeʼdan olib tashlandi

Rossiyaning “milliy messenjeri” sifatida targ‘ib qilinayotgan Max ilovasi Appleʼning App Store do‘konidan olib tashlandi. Biroq dastur avvaldan o‘rnatilgan iPhone qurilmalarida ishlashda davom etmoqda.

Foto: RIA Novosti

Max messenjeri ishlab chiquvchisi bo‘lgan VK kompaniyasi 3 iyun kuni kechqurun ilova App Storeʼda mavjud emasligini ma’lum qildi.

Kompaniya matbuot xizmati Appleʼga rasmiy so‘rov yuborilganini va muammoni tezkor hal etish ustida ish olib borilayotganini bildirdi. Apple hozircha vaziyat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Rossiya hukumati Telegram messenjeriga nisbatan cheklovlar fonida Max'ni uning muqobili sifatida faol targ‘ib qilmoqda. Biroq dastur xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar orasida savollar mavjud.

May oyi o‘rtalarida zarazaex taxallusi ostidagi dasturchi Habr platformasida Max'ning APK-fayli tahlili natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, messenjer telefondagi kontaktlar ro‘yxati va o‘rnatilgan dasturlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishi, yashirin tarzda ovoz yozib olishi, ekran tasvirlarini saqlashi hamda ayrim xabarlarni o‘chirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotda, shuningdek, dastur VPN yoqilgan holatda ham foydalanuvchining haqiqiy IP-manzilini aniqlay olishi aytilgan.

30 aprel kuni esa Cloudflare xosting provayderi Max domenini “josus dastur” sifatida belgilagani haqida xabarlar tarqalgan. Keyinchalik mazkur belgi olib tashlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid