O‘zbekiston | 09:01
1008
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi mumkin

O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzish niyati yuzasidan verbal notalar almashildi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Hongkong maxsus ma’muriy hududi rahbari Jon Li Kachchiu bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

Foto: Telegram / bakhtiyor_saidov

Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston–Xitoy keng qamrovli strategik sherikligini yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Hongkongning xalqaro moliya va biznes markazi sifatidagi tajribasidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar hududlararo sheriklikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarni faollashtirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.

Uchrashuvning muhim natijalaridan biri sifatida o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha kelishuv tayyorlash niyatini tasdiqlovchi verbal notalar almashildi. Qayd etilishicha, bu qadam fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va o‘zaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid