Jahon | 17:01
8751
6 daqiqa o‘qiladi

«Oreshnik» hali jangovar qo‘llangani yo‘q – Putin

Associated Rress agentligi jurnalisti Ukraina dronlari forum paytida Sankt-Peterburgga zarba berayotgani, Rossiyada iqtisodiyot pasayayotgani, Putinning reytingi qulayotgani, frontdagi vaziyat esa «haqiqiy falokat»ga aylanganini aytib, Rossiya prezidentidan nima xohlashini so‘radi – butun Donbassni nazorat qilishmi yoki Ukraina bilan kelishuv tuzish?

Foto: Valeriy Sharifulin / TASS / Profimedia

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi chog‘ida bir guruh xorijiy jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. 

Forumning birinchi kunida Ukraina dronlari Sankt-Peterburg va Leningrad oblasti bo‘ylab zarba berdi, natijada Boltiqbo‘yi mintaqasidagi eng yirik neft terminallaridan biri bo‘lgan Peterburg neft terminalida yong‘in boshlandi. Shahar uzra qora tutun ustunlari ko‘tarildi – bu manzara forum o‘tkazilayotgan hududdan yaqqol ko‘rinib turardi.

Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning «Kronshtadt dengiz zavodi»dagi Alekseyev dokida turgan «Boykiy» harbiy kemasi aniq nishonga olinganini ma’lum qilgan. Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarda kemada yong‘in ro‘y bergani aks etgan.

Matbuot anjumani chog‘ida Associated Rress agentligi jurnalisti Jyeyms Jordan Putindan Sankt-Peterburg bo‘ylab zarbalar haqida so‘rash asnosida Rossiya iqtisodiyoti so‘nggi vaqtlarda muammolarni boshdan kechirayotgani, prezidentning reytingi qulayotgani, «AQSh esa bosqinni strategik falokat deb atagani»ni (u davlat kotibi Marko Rubioning yaqinda bergan bayonotini nazarda tutgan) eslatgan.

«Bularning barchasini hisobga oladigan bo‘lsak, butun Donbassni egallashga qaratilgan harbiy maqsadingizga amal qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladimi yoki siz kelishuvga borishga tayyormisiz?» – deya savol qo‘ygan jurnalist.

Putin Jordanning savolini yuzda tabassum bilan tinglab turdi va bunga javoban Donbassni nazorat ostiga olish muzokaralar g‘oyasiga zid emasligini aytdi. Shuningdek, u Ukrainada Rossiyadagi kabi havo hujumidan mudofaa tizimlari ham, zarbdor raketa tizimlari ham yo‘qligini aytdi.

«G‘arbdagi homiylar turli xil, jumladan, uzoq masofali dronlarni ko‘p miqdorda yetkazib bermoqda. Afsuski, ulardan ba’zilari yorib o‘tmoqda, ammo Rossiyada havo hujumidan mudofaa tizimlari mavjud. Ha, biz uni takomillashtirishimiz kerak. Ha, biz uni mustahkamlashimiz kerak va biz buni amalga oshiramiz, ammo Ukrainada umuman bunday tizim yo‘q», – degan Putin.

U «Rossiya qo‘shinlari butun front bo‘ylab hujum qilayotgani», Ukraina esa «shaxsiy tarkib yetishmovchiligi»ni boshdan kechirayotgani haqidagi da’volarini yana bir bor takrorlagan:

Rossiya qo‘shinlari butun front chizig‘i bo‘ylab hujum qilmoqda. Ukraina qurolli kuchlarida shaxsiy tarkib bo‘yicha halokatli yetishmovchilik yuzaga kelgan: oylik yo‘qotishlar 40 ming, majburiy safarbarlik 15-16 ming kishi beradi, qayerdadir 14 ming kishi gospitallardan qaytariladi. Ya’ni har oyda minus 10 ming kishi. Yana oyiga 20 ming kishi dezertirlik qiladi. Deyarli rasmiy raqamlar: dezertirlik uchun 200 ming jinoiy ish ochilgan! Bularning barchasi kundalik rejimda hududlar boy berilishiga olib keladi.

Matbuot anjumani chog‘ida Putin 24 may kuni Ukrainaga «Oreshnik» ballistik raketasi bilan yo‘llangan so‘nggi zarbalar yuzasidan ham izoh berdi.

«Oreshnik» raketasi bilan Kiyev oblastining Belaya Tserkov shahriga zarba berilgandi. Guvohlar tomonidan olingan kadrlarda yerga bir necha shul’a tushayotganini ko‘rish mumkin. Ukraina rasmiylari va harbiylari ta’kidlashicha, bitta «Oreshnik» bilan Belaya Tserkovdagi garajlar kooperativiga zarba berilgan, ikkinchi raketa esa okkupatsiya ostida bo‘lgan hududga tushgan. Bu keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon uchinchi marta «Oreshnik» qo‘llanishi bo‘ldi.

Rossiya prezidentining aytishicha, «Oreshnik» bilan so‘nggi zarbalar haqiqiy muhim nishonlarga emas, balki «natijalarni ko‘rish qulay bo‘lgan» joylarga berilgan.

«Sizga bir sirni ochaman. Ukraina bo‘ylab hali «Oreshnik» jangovar qo‘llanmadi. Bu Belaya Tserkovga ham, asosiy mustahkamlangan hudud perimetridagi DXR hududiga ham tegishli. Keyin o‘sha zarba berilgan omborxonaga dronlarimiz uchib bordi – va shunchaki bloklar qanday yotqizilganiga qaradik. Qayerga tushgan bo‘lsa, hammasini millimetrlarigacha o‘lchab chiqishdi», – dedi Putin.

Putin hozir bunday zarbalar «kelajakda „Oreshnik“ni belgilangan maqsadlarda, shu jumladan shahar hududida to‘liq formatda qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilish» uchun zarurligini aytdi.

«Oreshnik» – o‘rta masofali raketa (boshqa tasnifga ko‘ra – oraliq, chunki uning taxminiy 5500 km masofasi qit’alararo masofaga yaqin keladi) hisoblanadi. U oltitagacha jangovar kallakni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan bo‘linadigan jangovar qism bilan jihozlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid